
Lenovo kompaniyasining yangi Xiaoxin Tablet Pro GT plansheti 6-avgustdan boshlab Xitoyda savdoga chiqarildi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
JD.com savdo platformasida uning boshlang‘ich narxi 1799 yuan (taxminan $250) etib belgilangan.
Narxlar variantlar bo‘yicha:
- 8 GB + 128 GB: 1799 yuan ($250) ;
- 8 GB + 256 GB: 1999 yuan ($278) ;
- 12 GB + 256 GB: 2299 yuan ($320).
Planshet 11,1 dyuymli 3200×2000 pikselli yuqori aniqlikdagi ekran bilan jihozlangan. Displey 144 Hz yangilanish tezligi, 800 nit yorqinlik va 98% DCI-P3 rang qamrovi bilan ajralib turadi. U Stylus Pro ruchkasini qo‘llab-quvvatlaydi — 8192 darajadagi bosim sezuvchanligi va 0,3 ms kechikish bilan haqiqiy ruchka tajribasini beradi.

Yangi planshet Snapdragon 8 Gen3 flagman protsessori bilan jihozlangan va AnTuTu testida 2 milliondan ortiq ball to‘plagan. Bu uni eng kuchli Android planshetlardan biriga aylantiradi. Qurilma 8860 mA·soat sig‘imdagi silikon anodli batareyaga ega bo‘lib, 68 Vt tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Ishlab chiqaruvchining ma’lumotiga ko‘ra, planshet 11 soat intensiv foydalanish va 22 soat onlayn videokonferensiyani ta’minlaydi.

Shuningdek, planshet «super ulanish» texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi — u orqali foydalanuvchi bir nechta qurilmalar o‘rtasida SI yordamida fayl va ma’lumotlarni izlash imkoniga ega bo‘ladi. U Android ekotizimidagi boshqa qurilmalar bilan ham muvofiqligi bilan ajralib turadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lenovo 500 dollarlik yangi monoblokini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.