
BMTning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha konferensiyasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon milliy kunlariga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Milliy kunlar doirasida mintaqa xalqlarining boy madaniy merosi, hunarmandchiligi, san’ati va turizmi namoyish etildi. Milliy pavilonlar, taomlar ko‘rgazmasi hamda pazandachilik bo‘yicha mahorat darslari tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

O‘zbekistonning an’anaviy hovli uslubida qurilgan paviloni alohida e’tiborni tortdi. Tadbir mintaqadagi madaniy rang-baranglik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qildi.

Mazkur tadbir bilan Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi. Uni Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatib qo‘ydi. Davlat rahbari Toshkentga qaytib keldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari hamkorlik masalalarini muhokama qilgan edi.