Olmaotada qurilishlarga moratoriy joriy etiladi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Olmaotaning yuqori qismida ko‘p qavatli turarjoylar va oraliq qurilishlarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha moratoriy e’lon qilishni topshirdi. Bu haqda prezidentning matbuot xizmati xabar berdi.
Prezidentning Olmaotaga tashrifi davomida shahar hokimi Darxan Satibaldi 2025-yilning birinchi yarmidagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish natijalari haqida hisobot berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qisqa muddatli iqtisodiy ko‘rsatkich 11 foizga oshgan, asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar esa 25,4 foizga ko‘paygan.
Prezidentga shaharning markaziga tushadigan yuklamani kamaytirish, infratuzilmani teng taqsimlash va jamoat transporti imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.
Shu bilan birga, Qozog‘iston rahbari shaharning yuqori qismi (tog‘li hudud)da ko‘p qavatli turarjoylar va oraliq qurilishlarni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha moratoriy e’lon qilinishini buyurdi. Mazkur cheklov ijtimoiy infratuzilma va Bosh reja doirasida ko‘zda tutilgan turistik obyektlarga taalluqli emas.
Toqayev, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilishni kuchaytirish, shahar muhitini muvozanatli rivojlantirish hamda tog‘ etaklarida noqonuniy qurilishlarning oldini olish uchun Bosh rejaga zudlik bilan o‘zgartirishlar kiritishni ham topshirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ekologiya vazirligi daraxt kesishga moratoriyni bekor qilish bo‘yicha bildirilgan taklifga javoban rasmiy bayonot bergani haqida yozgandi.