Yangiliklar

O‘zbekistonliklarning 67 foizi meva-sabzavotlarni yetarlicha iste’mol qilmaydi — tadqiqot

Bu haqda Strategik islohotlar agentligi xabar berdi
O‘zbekistonliklarning ko‘pi meva va sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilmaydi. Foto: muayene

O‘zbekistonliklarning qariyb 67 foizi meva va sabzavotlarni yetarli miqdorda iste’mol qilmaydi. Bu haqda Strategik islohotlar agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, agentlik huzuridagi Delivery Unit ishtirokida aholining oziqlanish odatlarini baholashga qaratilgan birinchi milliy tadqiqot o‘tkazilmoqda. Tadqiqot metodologiyasi anketa asosidagi so‘rov va tibbiy o‘lchovlarni — bo‘y va vazndan tortib, qondagi qand va xolesterin darajasigacha bo‘lgan ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oladi.

Xabarga ko‘ra, hozirga qadar 13 mingdan ortiq xonadon ushbu tadqiqotda ishtirok etgan. Yig‘ilgan ma’lumotlar nafaqat aholining to‘g‘ri ovqatlanish prinsiplari haqida xabardorligini baholashga, balki mikroelementlar yetishmovchiligi va ortiqcha vaznga bog‘liq surunkali kasalliklar kabi keng tarqalgan muammolarni aniqlashga yordam beradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ko‘plab kasalliklarning sababi hayot tarzi bilan bog‘liq bo‘lib, birinchi navbatda bu — ovqatlanishga borib taqaladi. Ma’lum bo‘lishicha, aholining 67 foizidan ortig‘i meva va sabzavotlarni yetarli darajada iste’mol qilmaydi, gipertoniya va semizlik bilan og‘riganlar soni esa ortib bormoqda.

Tadqiqotning asosiy maqsadi faqatgina hozirgi holatni qayd etish emas, balki aholining sog‘lig‘ini real yaxshilashga xizmat qiladigan strategiyalar ishlab chiqishga ko‘maklashishdan iborat.

Oldinroq O‘zbekistonda sabzi narxi bir yil ichida uch baravar, iyun oyi holatiga ko‘ra, esa yog‘ va go‘sht narxlari oshgani haqida xabar bergandik.

Bundan tashqari, O‘zbekiston birinchi yarim yillikda meva-sabzavot eksportini 40 foizga oshirgani haqida yozgandik.