Raqobat qo‘mitasi reklama mojarosida Yandex’ni aybdor deb topdi

Raqobat qo‘mitasi Yandex Go’ni Uzum Market’ga nisbatan insosfsiz raqobat holatlarini sodir etganlikda aybdor deb topdi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Kompaniya aybdor deb topilishiga sabab televizion va ijtimoiy tarmoqlarda efirga uzatilgan reklama roligida Uzum Market’ga nisbatan ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi va insofsiz raqobatga sabab bo‘ladigan holatlar mavjudligi bo‘ldi.
Reklama mojarosi qanday boshlandi
Mazkur holat yuzasidan Uzum Market Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilgandi.

Maxsus komissiya reklama mazmunini chuqur tahlil qilgan. Tekshiruv natijasida reklamada ishlatilgan aktrisaning binafsha rang libosi va rolikdagi ilk kadrlar Uzum Market’ning ilgari ishlatilgan videotasvirlariga vizual va konseptual jihatdan juda o‘xshash bo‘lgan.
Shuningdek, bosh qahramonning bir bosh uzumni ko‘tarib «Bu marketmi?!» deya so‘rashi va atrofdagilarning bu savolga salbiy munosabat bildirish sahnalari tomoshabinlarda qarshi tomon haqida salbiy taassurot uyg‘otgan. So‘ngra aktrisaning «Yo‘q, bu boshqa market» degan javobi orqali Yandex Market’ning ustunligi nozik ishoralar bilan berilgan.
Shu asosda YandexGo mahsulotlarni xolis bo‘lmagan tarzda taqqoslab, raqobatchi imidjiga zarar yetkazgan deb topildi.
Biroq komissiya Uzum Market tomonidan moliyaviy zarar ko‘rilgani yoki bozordagi raqobatga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatgan aniq dalillar taqdim etilmaganini inobatga olib, moliyaviy jarima qo‘llamadi. Holat iqtisodiy jihatdan past ta’sirli deb baholandi.
YandexGo’ga kompaniyaga oid mazkur reklama roligini barcha ommaviy axborot vositalaridan bir oy ichida olib tashlash, reklama olib tashlanganligi haqida hujjatlarni 14-avgustga qadar Raqobat qo‘mitasiga taqdim etish majburiyati yuklatildi.
«Kursiv» nashri bu holat bo‘yicha Yandex’ga so‘rov yubordi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex’ga nisbatan insofsiz raqobat alomatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgani haqida yozgandi.