
Wi-Fi texnologiyasining navbatdagi avlodi Wi-Fi 8 ishlab chiqilmoqda. Mazkur standart tezlikdan ko‘ra barqarorlikka urg‘u berishi bilan ajralib turadi. Bu haqda Sammobile nashri ma’lum qildi.
Yangi texnologiya Wi-Fi signalini yomon qabul qiladigan joylarda – masalan, katta binolar yoki gavjum hududlarda – uzilishlar va sekinliklarni kamaytirishga xizmat qiladi.
IEEE Wi-Fi 8’ni 802.11bn deb nomladi
Wi-Fi standartlarini ishlab chiqadigan IEEE tashkiloti yaqinda Wi-Fi 8 ning birinchi loyihaviy hujjatini tasdiqladi. Texnik nomi 802.11bn Ultra High Reliability (UHR) bo‘lgan Wi-Fi 8 asosan ishonchlilikni oshirishga qaratilgan.
Yangi standartning asosiy yangiliklaridan biri Single Mobility Domains texnologiyasi bo‘lib, bu foydalanuvchi bitta routerdan boshqasiga o‘tayotganda signal uzilishlari va ma’lumotlar yo‘qolishining oldini oladi. Bu ayniqsa, ofis binolari, universitetlar, savdo markazlari kabi katta hududlarda foydali bo‘ladi.
Asosiy afzalliklari:
- Dead zonelarda (signal yomon joylarda) barqarorlikni oshiradi.
- Gavjum hududlarda bir nechta routerlarni hamkorlikda ishlatish imkonini beradi.
- Qurilmaning Wi-Fi signalini ushlab turishi uchun qancha quvvat kerakligini aniqlay oladi va ortiqcha batareya sarfini oldini oladi.
- Avtomatik tarzda kanal va quvvat sozlamalarini o‘zgartiradi.
Samsung bu texnologiyani qachon joriy qilishi mumkin
Samsung hali Galaxy Z Flip 7 kabi yuqori darajadagi qurilmalarga Wi-Fi 7’ni kiritishni boshlagan bo‘lsa-da, kompaniya Wi-Fi 8’ni ilk bo‘lib qo‘llash ehtimoli yuqori. Yangi standartning rasman 2028-yilda e’lon qilinishi kutilmoqda. Agar hammasi reja asosida kechsa, Galaxy S29 Ultra kabi flagmanlar 2029-yil boshida yangi Wi-Fi bilan bozorga chiqishi mumkin.
Shuningdek, Wi-Fi 8’ni qo‘llab-quvvatlovchi router va uskunalar ham ayni yillarda paydo bo‘ladi. Dastlabki bosqichda narxlari yuqori bo‘lishi mumkin, ammo texnologiya ommaviylashgan sari qulayroq variantlar paydo bo‘lishi tabiiy.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung’ning qaysi qurilmalari One UI 8 testlarini boshlagani haqida xabar bergan edi.