
Samsung kompaniyasi New York shahridagi Unpacked tadbirida navbatdagi bukiluvchi smartfoni Galaxy Z Flip 7’ni rasman taqdim etdi. Xo‘sh, Samsung Galaxy Z Flip 7 o‘zi qanday smartfon? Kursiv Uzbekistan Sammobile nashriga tayanib ma’lumotlarni tayyorladi.
Dizayn va tashqi ko‘rinish: nafis va o‘ziga xos
Z Flip 7 eng yupqa va eng yengil Flip modeli bo‘ldi. Qurilmaning alyuminiy korpusi yuqori sifatli bo‘lib, qo‘lda juda qulay va mustahkam ushlanadi. Endi tashqi ekran 4,1 dyuymli Super AMOLED bo‘lib, avvalgi modellarga nisbatan ancha katta va dizayni bilan ko‘zga tashlanadi. Bu ekran atrofidagi kameralar bilan uyg‘un ravishda joylashtirilgan va 2 600 nit yorqinlik darajasi bilan kuchli ko‘rish tajribasini taqdim etadi. 120 Hz yangilanish tezligi esa qurilmani ishlatishda silliq va jozibador animatsiyalar beradi.

Ichki ekran va bukilish mexanizmi
Ichki ekran hajmi endi 6,9 dyuym, kengroq format va an’anaviy ekran nisbati bilan yanada foydalanuvchiga qulay. Hinge (bukilish mexanizmi) sezilarli darajada takomillashtirilgan — bukish va yozish harakatlari yanada silliq. Shu bilan birga, ilgari sezilarli bo‘lgan bukilish izlari (crease) endi deyarli bilinmaydi.

Exynos protsessori: Snapdragonsiz ham kuchli
Ba’zilar Galaxy Z Flip 7’da Snapdragon protsessori yo‘qligidan xavotirda bo‘lishi mumkin, ammo bu keraksiz tashvish. Qurilmada Samsung Exynos 2500 (3nm) chipi va 12GB RAM mavjud bo‘lib, bu kombinatsiya telefonni bemalol ko‘p vazifali rejimda ishlatishga imkon beradi. Ilovalar tez ochiladi, animatsiyalar silliq va hech qanday sekinlashish sezilmaydi.
Akkumulyator va dasturiy ta’minot
Samsung foydalanuvchilarning eng katta istaklaridan birini bajardi — batareya hajmi endi 4 300 mA/soat. Biroq, tez zaryadlash hali ham 25 vattda qolmoqda. Bu hozirgi zamon smartfonlari standartlariga qaraganda biroz sustroq bo‘lishi mumkin.
Galaxy Z Flip 7 Android 16 asosidagi One UI 8 bilan ishlaydi. Yangi funksiyalar, ayniqsa Galaxy AI yordamida yuz beruvchi aqlli takliflar, foydalanuvchi tajribasini yangi bosqichga olib chiqadi.
Kamera: dasturiy yaxshilanish, apparat o‘sha-o‘sha
Afsuski, kamera jihatdan yangiliklar unchalik ko‘p emas. Qurilmada 50 MP asosiy kamera va 12 MP ultra keng burchakli kamera saqlanib qolgan. Biroq, dasturiy algoritmlar, xususan, sun’iy intellekt asosidagi optimallashtirishlar yordamida surat sifati yaxshilanishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy Z Fold 7 va Z Flip 7 smartfonlari namoyish etilgani haqida xabar bergan edi.