Tesla bir soniyada 100 km/soatga yetadigan avtomobil ustida ishlamoqda

6-avgust 2025 11:06 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Tesla va Samsung
Tesla bir soniyada 100 km/soatga yetadigan avtomobil ustida ishlamoqda / Foto: RNZ

Tesla yangi avlod Roadster modeli uchun patent oldi. ITHome nashrining yozishicha, kompaniya ushbu texnologiya yordamida elektromobilni atigi 1 soniyada 100 km/soat tezlikka yetkazmoqchi.

Patent hujjatlarida ta’kidlanishicha, bu texnologiya ko‘p rejimli aktiv aerodinamik tizim deb nomlanadi. U avtomobil ostida parraklar yordamida pastga bosim, ya’ni downforce hosil qiladi. Maxsus parraklar tushiriladi va ular orqali shamollatish yo‘nalishlari bo‘ylab havo so‘rib olinadi.

Natijada avtomobil ostida yopiq yoki yarim yopiq zona paydo bo‘ladi, bu esa vakuumga yaqin muhit yaratadi. Shu orqali avtomobil yo‘lga «yopishib» harakatlanadi va ayniqsa burilishlarda barqarorlik sezilarli darajada oshadi.

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, agar Tesla Roadster to‘liq muhrlangan pastki aerodinamik zonasiga ega bo‘lsa, avtomobil ilk harakatlanish paytidayoq maksimal tortish kuchiga ega bo‘ladi. Bu texnologiya Nürburgring kabi mashhur poyga trassalarida rekordlar o‘rnatish imkonini beradi.

Ilon Mask 2017-yil oxirida Roadster konseptini taqdim etganida, bu model 0 dan 96 km/soatgacha atigi 1,9 soniyada tezlashishini ma’lum qilgan edi. Biroq ishlab chiqarish kechikdi va bu vaqt ichida boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar ham yuqori tezlikda harakatlana oladigan modellari bilan bozorga chiqdi.

Hozirda hatto Tesla’ning oilaviy modeli Model S Plaid ham 1,99 soniyalik tezlanishga ega va u $100 mingdan arzonroq narxda sotilmoqda.

2024-yil fevral oyida Mask yangi Roadster haqida shunday degan edi:

«Bu model avtomobil sanoatidagi o‘lchov me’yorlarini butunlay yangilaydi. U ilgari mavjud bo‘lmagan darajadagi vosita bo‘ladi. Hatto uni avtomobil deb atash ham to‘g‘ri kelmaydi.»

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi Roadster’ning asosiy funksiyalaridan biri — 0 dan 60 mil/soat (ya’ni 96 km/soat) tezlikka 1 soniyadan kamroq vaqtda erishish bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla Ilon Maskka 30 milliard dollarlik mukofot paketi ajratishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek