
CMWP Uzbekistan kompaniyasi 2025-yilning 1-yarim yilligi uchun Toshkentdagi uy-joy bozori holatini o‘rganib chiqdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi. Monitoring natijalariga ko‘ra, yangi loyihalarning umumiy maydoni 932 ming kvadrat metrni tashkil etib, bu o‘tgan yilga nisbatan 8% ko‘pdir.
Biroq loyiha soni deyarli o‘zgarmagan — 2024-yilda 18 ta loyiha e’lon qilingan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 17 tani tashkil etdi.
Segmentlar bo‘yicha taqsimot:
- Komfort toifasi: 10 ta loyiha, 616 ming kv.m. (–2%)
- Biznes toifasi: 5 ta loyiha, 232 ming kv.m. (+217%)
- Premium toifasi: 2 ta loyiha, 77 ming kv.m. (+52%)
Asosiy tendensiyalar:
Bozor tiklanmoqda
2024-yildagi pasayishdan so‘ng, ayniqsa biznes va premium segmentlarida bozor tiklana boshladi. Bu o‘sish ilgari kvadrat metr narxining keskin oshishi sababli susaygan talabning asta-sekin tiklanayotganini ko‘rsatmoqda.
Rivojlanayotgan loyihalarda formatlar xilma-xilligi ortmoqda
Yangi loyihalar o‘zining innovatsion arxitekturasi, yangi mahsulot shakllari va marketing yondashuvlari bilan ajralib turadi. Masalan, Stellar Residence premium loyihasi 448 xonadondan iborat bo‘lib, unikal dizayni va joylashuvi bilan ajralib turadi.
Tijorat maydonlari uchun yagona konsepsiya
Yirik quruvchilar yangi loyihalarda birinchi qavatlardagi tijorat maydonlarini yagona boshqaruv ostida saqlashga intilmoqda. Bu turdagi yondashuv obyektning funksional yaxlitligini ta’minlaydi va bozor tomonidan ijobiy baholanadi.
Renovatsiya — bozor harakatlantiruvchisi
Eski uy-joy fondining yangilanishi bozor rivojiga turtki bermoqda. Masalan, «Sputnik» massivida 409 ta eskirgan uy buzilib, o‘rniga 93 ta 16 qavatli zamonaviy uy qurilishi rejalashtirilgan. Bu esa 13 mingdan ortiq yangi xonadonni tashkil etadi.
Xorijiy kompaniyalar kirib kelmoqda
Toshkent qurilish bozoriga birinchi marta Agalarov Development (Ozarbayjon), Griffin Partners (Rossiya) kabi xalqaro kompaniyalar ham kirib keldi.
Servis-apartamentlar formati paydo bo‘ldi
Toshkentda birinchi bor servis-apartament loyihasi e’lon qilindi. Bu modelda xonadon egasi kvartirani boshqaruv kompaniyasiga topshiradi va passiv daromad oladi.
Faol quruvchilar va loyihalar:
- Golden House — 9 ta loyiha, ammo 2025-yil yangi loyiha e’lon qilinmagan.
- NRG — 7 ta loyiha, ulkan «Yangi Baxt» kompleksi qurilmoqda.
- BI Group — 4 ta loyiha, yangi yirik loyiha e’lon qilinishi kutilmoqda.
- Murad Buildings — 2025-yilda Saadiyat va Tabiat Residence loyihalari taqdim etilgan.
- Xon Saroy — Komfort toifasida yetakchi. 2024–2025-yillarda jami 7 ta yangi loyiha e’lon qilgan.
Yangi ishtirokchilar:
- Tenet Group — Stellar Complex (Premium, 448 kvartira)
- Griffin Development — Griffin Tower (Biznes)
- Appenzell Group — Elbrus Residence (Biznes, 448 kvartira)
- Ist-Batterflay — Sayram Plaza (Biznes, 240 kvartira)
- NEO House — Vision Apartments (Biznes, 290 kvartira)
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Iyun oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxi tushgani haqida xabar bergan edi.