GM litsenziyasi asosida ishlaydigan «Uz Chasys»dagi davlat ulushi sotiladi

«UzChasys» MChJ ustav kapitalidagi 70 foiz davlat ulushi bo‘yicha ochiq savdo jarayonlari keyingi bosqichga o‘tdi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabar berdi.
Ushbu jarayonni Portfolio Investments kompaniyasi konsultant sifatida yuritmoqda.
Dastlabki bosqichda (qiziqish bildirish – EoI) besh nafar xorijiy va mahalliy investorlardan arizalar qabul qilindi. So‘ng ushbu arizalar talabgorlarning moliyaviy imkoniyatlari, sanksiyalarga daxldor emasligi va qonunchilikka rioya qilishi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkazildi.
Tahlillarga ko‘ra, barcha talabgorlarning arizalari yuqoridagi mezonlarga javob bergan va ular keyingi bosqich – majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni (Binding offer – BO) qabul qilish bosqichiga taklif etildi.
BO uchun takliflar 2025-yil 3-sentabr soat 23:59 ga qadar qabul qilinadi. Buning uchun ishtirokchilar E-auksion platformasida ro‘yxatdan o‘tib, kafolat to‘lovini (kamida 1%) kiritishi lozim.
«Uz Chasys»dagi davlat ulushini sotib olish uchun quyidagi shartlar belgilangan:
- korxona faoliyati kamida 10 yil davomida saqlanishi kerak (General Motors’ning litsenziya va alyans shartlariga qat’iy rioya qilinishi shart).
- Ish o‘rinlari va xodimlar soni kamida 2 yil davomida qisqartirilmaydi.
«Uz Chasys» korxonasi 2008-yilda tashkil etilgan boʻlib, asosiy faoliyati avtomobillar uchun elektr yoritish tizimlarini ishlab chiqarishdan iborat.
Bundan avval Avto Climate Control 230 mlrd so‘mga xususiylashtirilgani haqida yozgandik.