UzAuto Motors foydasi yarim yilda 27,5 foizga qisqardi

eʼlon qilindi
Daromadi 9,5 foizga kamaydi
UzAuto Motors
Foto: UzAuto Motors

Shu yilning dastlabki olti oyida UzAuto Motors’ning sof foydasi 27,5 foizga qisqardi. Bu haqda kompaniya moliyaviy hisobotlarida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, kompaniyaning foydasi bu davrda 1,91 trillion so‘mdan 1,38 trillion so‘mgacha kamaydi. Daromadi esa 21,2 trillion so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 9,5 foiz kam. Yalpi foyda esa 22,8 foizga qisqarib, 3,43 trillion so‘mga tushgan.

Biroq barcha ko‘rsatkichlar pasayganiga qaramay, kompaniyaning taqsimlanmagan foydasi ortgan. Bu ko‘rsatkich 11,2 trillion so‘mdan oshdi va o‘tgan yilgi natijadan 2 trillion so‘mga yuqori bo‘ldi.

UzAuto Motors’ning umumiy xarajatlari 2,33 trillion so‘mni tashkil qilgan bo‘lib, realizatsiya va ma’muriy xarajatlarda biroz pasayish kuzatildi, boshqa operatsion xarajatlar esa 1,1 foizga oshdi.

Moliyaviy muvozanatni saqlash maqsadida kompaniya uzoq muddatli kreditlarni deyarli ikki barobar qisqartirgan (1,55 trilliondan 810 milliard so‘mgacha), ammo shu bilan birga, qisqa muddatli kreditlar va qarzlar sezilarli darajada oshgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan birinchi chorakda UzAuto Motors’ning foydasi ikki baravardan ko‘proqqa kamaygani haqida yozgandi.

Shuningdek