AQSh Hindistonga 25 foizlik boj joriy qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Hindistondan import qilinadigan tovarlarga 25 foizlik qo‘shimcha boj joriy qilganini e’lon qildi. Bu haqda Oq uyning rasmiy sahifasida e’lon qilindi.
Boj joriy qilishga sabab nima?
Tramp Hindiston hukumatini Rossiyadan to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita neft import qilayotganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston nafaqat Rossiyadan katta hajmda neft sotib olmoqda, balki uni ochiq bozorlarda qayta sotib, katta daromad ham topmoqda.
Prezident bunga javoban, Hindistondan import qilinadigan tovarlarga advalorn stavkasi bo‘yicha, ya’ni bojxona qiymatiga nisbatan 25 foizlik yangi boj kiritishni topshirdi. Bu tariflar 21 kun ichida kuchga kiradi.
Hindiston rejalari xavf ostida
Yangi boj stavkalari Hindistonning 2030-yilgacha AQSh bilan ikki tomonlama savdo hajmini $500 milliardga yetkazish rejasiga jiddiy to‘sqinlik qilishi mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili AQSh bilan Hindiston o‘rtasida $45,8 milliardlik savdo hajmi qayd etilgan.
Hindiston rasmiylari AQShning eksport mahsulotlari uchun kengroq bozor ochilishini talab qilayotganini bildirgan. Biroq Hindiston hukumati o‘z qishloq xo‘jaligi va sut sanoati sohalarini himoya qilish tarafdori bo‘lib qolmoqda.
Hindistonning javobi
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Tramp qaroriga keskin munosabat bildirdi. Rasmiylar bayonotida ta’kidlanishicha, Hindiston Rossiyadan neft sotib olishga majbur bo‘lgan. Chunki urush boshlangach Yevropa davlatlari boshqa manbalardan neft xarid qilishni boshlagan.
Shu bois Hindiston o‘z energetika xavfsizligini ta’minlash maqsadida Rossiya neftini sotib olishda davom etmoqda.
«Bizni tanqid qilayotgan mamlakatlar o‘zlari ham Rossiya bilan savdo qilishda davom etmoqda», – deyiladi bayonotda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tramp AQShga import qilinadigan chiplarga 100% boj solmoqchiligi haqida yozgandi.