Gadjetlar

Galaxy S25 Edge o‘zi qanday smartfon

Kursiv Uzbekistan Sammobile nashriga tayanib ma'lumotlarni to‘pladi
Galaxy S25 Edge
Galaxy S25 Edge o‘zi qanday smartfon / Foto: Sammobile

Samsung Galaxy S25 Edge kompaniyaning o‘ziga xos auditoriyasiga mo‘ljallangan flagman smartfoni. Xo‘sh, Galaxy S25 Edge o‘zi qanday smartfon? Kursiv Uzbekistan Sammobile nashriga tayanib ma’lumotlarni to‘pladi.

Dizayn / Foto: Sammobile

Dizayn

Galaxy S25 Edge hozirgi vaqtda eng ingichka flagman smartfonlardan biridir. 5,8 mm qalinligi bilan u bozor standartlaridan ancha farq qiladi. Uning og‘irligi atigi 163 gramm bo‘lib, bu hajmdagi boshqa flagmanlarga qaraganda engilroqdir. Tanasi titandan, displey esa yangi Gorilla Glass Ceramic 2 bilan himoyalangan.

Ushbu model IP68 suv va changga chidamlilik sertifikatiga ega. Dizayn jihatidan u mukammal ko‘rinishga ega, ammo telefon har doim biroz issiq bo‘lib turadi. Kuchli ishlaganda harorat tezda oshadi. Issiqlik tarqalishi zaifligi tufayli himoya g‘ilofdan foydalanish tavsiya etiladi.

Ekran / Foto: Sammobile

Displey va audio

Galaxy S25 Edge’da 6,7 dyuymli AMOLED displey mavjud. 120 Hz yangilanish tezligi, Super HDR va 2600 nit yorqinlikka ega. Displey Galaxy S25+ bilan bir xil darajada, ammo Edge modelida Ultra’dagi singari Gorilla Armor himoyasi yo‘q. Shu sababli kuchli yoritishda aks ettirish darajasi biroz balandroq.

Audio sifati esa ingichka tananing salbiy ta’sirini sezdiradi. S25 Ultra’dagi kuchli stereo ovozga nisbatan Edge’da bas sustroq va tovush hajmi pastroq.

Kamera / Foto: Sammobile

Kamera: Katta modul, ammo kam imkoniyat

Galaxy S25 Edge orqa tomonda atigi ikki kameraga ega: 200 MP asosiy sensor va 12 MP ultra keng burchakli kamera. Telefoto kamera yo‘q, ammo 10 baravargacha raqamli zoom tufayli natijalar yaxshi. Kunduzgi suratlar aniq, ranglar tabiiy, portretlar a’lo darajada. Biroq tungi suratlarda detallar yo‘qoladi.

Old kamera 12 MP bo‘lib, barcha S25 modellari bilan bir xil. Sifat yomon emas, lekin yorug‘lik past bo‘lgan joylarda biroz «shovqin» paydo bo‘ladi.

Video yozishda asosiy kamera yuqori aniqlik va keng dinamik diapazonni taqdim etadi. 10-bit HDR va log formatda yozish imkoniyati mavjud.

Foto: Sammobile

Ishlash va sovutish

Snapdragon 8 Elite protsessori tufayli Galaxy S25 Edge barcha ishlarni tez va silliq bajaradi. Ilovalar, interfeyslar va ko‘p vazifali rejimda ham muammo yo‘q. Biroq grafik jihatdan og‘ir o‘yinlar (masalan, Call of Duty) uzoq vaqt davomida telefonni juda qizitadi.

Issiqlik tufayli uzoq foydalanishda noqulaylik seziladi, bu esa batareyaga ham ta’sir qiladi. Harorat boshqa S25 modellarga nisbatan 3–5 darajaga yuqori.

O’yinlar samaradorligi

Batareya: Eng katta muammo

Galaxy S25 Edge’da 3900 mAh sig‘imli batareya mavjud. Bu hajm S25’dan ham kichikroq. Yengil ishlatishda ham kun davomida zo‘rg‘a yetadi. O‘rtacha ekran faollik vaqti 3–4 soatni tashkil etadi. Faqat uyda ishlatilsa, bu batareya kifoya qiladi. Ammo tashqarida ko‘p bo‘ladigan foydalanuvchilar uchun bu juda zaif.

25W quvvat bilan zaryadlanadi: 30 daqiqada 50%, 80 daqiqada to‘liq quvvatlanadi. 15W simsiz quvvatlash, MagSafe mosligi va teskari zaryadlash imkoniyati mavjud.

Foto: Sammobile

Dasturiy ta’minot

Galaxy S25 Edge Android 16 asosidagi One UI 7 operatsion tizimi bilan chiqadi. Galaxy AI funksiyalari, DeX rejimi va Google Gemini yordamchisi bilan jihozlangan. Samsung 7 yilgacha yangilanish kafolatini taqdim etadi.

Foto: Sammobile

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy Z Flip 7 o‘zi qanday smartfon ekanligi haqida yozgan edi.