Xususiy tashkilotlarga G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga ruxsat berildi

2025-yil 5-avgustdan boshlab Isroil hukumati xususiy tashkilotlarga G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazishga yana ruxsat berdi. Bu haqda DW ma’lum qildi.
Isroil Mudofaa vazirligi huzuridagi COGAT idorasi ma’lumotiga ko‘ra, bu yordamlar qat’iy nazorat ostida hududga kiritiladi. Yangi tartibga binoan oziq-ovqat, gigiyena vositalari, meva-sabzavotlar va bolalar uchun mahsulotlar G‘azoga xususiy sektor orqali bosqichma-bosqich yetkaziladi. Maqsad – yordam hajmini oshirish va BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlarga bog‘liqlikni kamaytirishdir.

Bu qaror Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi hukumat va xavfsizlik xizmatlari roziligi bilan qabul qilindi. Tovarlar faqat bank o‘tkazmalari orqali to‘lanadi, Hamas harakati bu jarayonda ishtirok eta olmaydi.
So‘nggi haftalarda Isroil va boshqa mamlakatlar havodan yordam tashlashni boshlagan bo‘lsa-da, xalqaro tashkilotlar bu yetarli emasligini ta’kidlashmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniya G‘azodagi urush to‘xtatilmasa, Falastinni tan olishini bildirgan edi.