Janubiy Koreya xorijiy ishchilar uchun qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratadi

Janubiy Koreya xorijiy ishchilar uchun mehnat sharoitlari, sanoat xavfsizligi va bandlik xizmatlarini qamrab oluvchi qo‘llab-quvvatlash tizimini ishlab chiqadi. Bu haqda mehnat vaziri Kim Yong Xun migratsion bandlik tizimini yaxshilashga bag‘ishlangan «EPS – 2025» konferensiyasida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat migrantlar huquqlarining buzilishiga nisbatan «nol toqat» tamoyiliga amal qiladi va ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish choralari kuchaytiriladi.
Shuningdek, yashash sharoitlarini yaxshilash, kundalik hayotdagi maslahat va boshqa yordam turlariga kirishni kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Mehnat ruxsatnomalari tizimi (EPS) kichik va o‘rta korxonalarga kasbiy ma’lumotga ega bo‘lmagan xorijiy ishchilarni yollash imkonini beradi. Hozirda bu tizimda O‘zbekistonni ham o‘z ichiga olgan 17 ta davlat ishtirok etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreyada 2025-yilgi aholini ro‘yxatga olish jarayoni o‘zbek tilida ham o‘tkazilishi haqida yozgan edik.