Kechga nima ovqat: go‘shtli teftellar qanday tayyorlanadi

7-avgust 2025 14:44 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: shutterstock

Kundalik ovqatlar menyusida xilma-xillik bo‘lishini istaydiganlar uchun go‘shtli teftellar ayni muddaodir. Oson tayyorlanishi, to‘yimliligi va mazali ta’mi bilan bu taom uy bekalarining sevimli retseptlaridan biriga aylanishga ulgurgan.

Kursiv Uzbekistan uy bekalari uchun kechki ovqatga yordamga keladi. Bugungi menyuda mazasi, ko‘rinishi va foydasi bilan ajralib turadigan go‘shtli teftellarni tayyorlaymiz.

Kerakli masalliqlar: teftel uchun

Mahsulot nomiMiqdori
Mol go‘shtidan qiyma500 gramm
Piyoz150 gramm
Tost non (oq non)50 gramm
Sut100 ml
Tuxum1 dona
Guruch120 gramm
Sarimsoq piyoz2 tishcha
Quritilgan paprika1 choy qoshiq
Tuz, qora murchTa’bga ko‘ra

Qaylasi uchun

Mahsulot nomiMiqdori
Piyoz200 gramm
Qizil sabzi200 gramm
Pomidor300 gramm
Pomidor pastasi1 osh qoshiq
O‘simlik yog‘iQovurish uchun
Tuz, murchTa’bga ko‘ra

Tayyorlash bosqichlari: qiyma uchun harakat

Dastlab tog‘orachaga qiymani soling. Ustidan tuxum, tuz, murch va paprika qo‘shing. Sutga ivitilgan non va maydalangan piyozni go‘sht qiymalagichdan o‘tkazib, qiymaga solib, yaxshilab aralashtiring.

Guruch qo‘shish

Guruchni sovuq suvda yuvib yoki biroz pishirib olib qiymaga aralashtiring. Uzunchoq shakldagi guruch ishlatilsa, pishgach teftellarga tipratikon shaklini beradi.

Teftellar yasash

Qiymadan bir xil kattalikdagi dumaloq teftellar yasang.

Qaylasini tayyorlang

Tovaga yoki qozonga yog‘ solib qizdiring. Yirik to‘g‘ralgan piyoz va sabzini solib, tillarangga kirguncha qovuring. Qirg‘ichdan o‘tkazilgan pomidor va 1 osh qoshiq pomidor pastasini soling. Bir necha daqiqa qaynating.

Teftellarga dam bering

Qayla ustidan teftellarni terib chiqing. Kerak bo‘lsa, ozroq suv qo‘shing. So‘ng, qopqog‘ini yopib, 30 daqiqa davomida dimlab pishiring.

Tayyor bo‘lgan teftellarni issiqligida, qaylasi bilan birga dasturxonga torting. Yangi pishgan non va yaqinlar davrasida taom yanada to‘liqroq bo‘ladi. Yoqimli ishtaha!

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Maqluba va Go‘sht Say qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.

Shuningdek