Xorijga ishga yuborishni va’da qilib fuqarolarni aldagan firma 112,5 mln so‘m jarimaga tortildi

eʼlon qilindi
Mablag‘ni sud orqali undirish jarayoni boshlangan
Litsenziyasiz ishlagan «Adworld Group» MChJ jarimaga tortildi. Foto: Yandex

«Adworld Group» MChJ faoliyatida bir qator qonunbuzarliklar aniqlandi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, kompaniya tomonidan hech qanday litsenziyasiz:

  • Instagram orqali Chernogoriya, Serbiya, Angliya, Litva, Norvegiya, Ummon va Yaponiya davlatlaridagi ish o‘rinlari reklama qilingan;
  • fuqarolarga «konsalting xizmati» degan nom ostida xorijda ishga joylashtirish xizmatlari taklif etilgan.

Shuningdek, kompaniya faoliyatini ba’zi blogerlar ham ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib qilgan. Natijada ko‘plab fuqarolar ularga ishonib, kompaniya xizmatlari uchun pul to‘lagan va aldangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Migratsiya agentligi «Adworld Group» MCHJga nisbatan 112,5 mln so‘m miqdorida jarima belgilagan. Ammo kompaniya uni o‘z ixtiyori bilan to‘lamagani sababli, mablag‘ni sud orqali undirish jarayoni boshlangan.

Kun.uz nashrining yozishicha, mazkur firma har bir odamdan 6 mln so‘mdan 26 mln so‘mgacha pul olgan, ammo shartnomaviy xizmatlarni ko‘rsatmagan. Murojaatchilarga ko‘ra, aldanganlar yuz nafardan ortiq.

Bundan oldin Raqobat qo‘mitasi 19-iyun kuni xorijda ishlash va o‘qish uchun «oson» borishni va’da qilayotgan talaygina konsalting firmalardan ehtiyot bo‘lishni xabar qilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM litsenziyasi asosida ishlaydigan «Uz Chasys»dagi davlat ulushi sotilishi haqida yozgandi.

Shuningdek