M39 yo‘lining Surxondaryo qismida tezlik soatiga 130 kilometr etib belgilandi

Surxondaryodagi xalqaro ahamiyatga ega M39 avtomobil yo‘lining 120 kilometrdan ortiq qismida transport vositalari uchun ruxsat etilgan harakat tezligi soatiga 130 km etib belgilandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
M39 avtomobil yo‘li – O‘zbekistonning shimoliy-sharqiy qismidan janubiy chegarasigacha cho‘zilgan eng muhim magistrallardan biri bo‘lib, Toshkent shahridan boshlanadi va Termiz orqali Afg‘oniston chegarasigacha yetib boradi.
Bu yo‘l mamlakat ichidagi eng yirik iqtisodiy va madaniy markazlarni – Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini bir-biriga bog‘laydi.
Yo‘lning umumiy uzunligi taxminan 965 kilometrni tashkil etadi va u xalqaro E-yo‘llar tizimining E60 va E123 magistrallariga to‘g‘ri keladi. Bu esa M39 yo‘lini nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun strategik tranzit yo‘lagi sifatida muhim qiladi.
Mazkur yo‘l orqali O‘zbekiston Qozog‘iston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg‘oniston bilan bo‘ladigan savdo, yuk tashish va logistika aloqalarini amalga oshiradi.
Tezlik cheklovining 130 km/soatgacha oshirilishi yo‘l sifati va xavfsizlik choralari hisobga olingan holda bosqichma-bosqich joriy etilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Termiz – Samarqand yo‘nalishida yangi avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.