Navoiyda sakkizta kon uchun $566 million investitsiya jalb etiladi

eʼlon qilindi
Nurota tumanida 50 gektar maydonda sanoat zonasi tashkil etiladi
Navoiyda sakkizta kon uchun $566 million investitsiya jalb etiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatida amalga oshirilgan islohotlar samaradorligi va yangi rejalarni muhokama qilish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

So‘nggi sakkiz yilda viloyatda $8 mlrdlik 7 mingdan ortiq loyiha amalga oshirilib, 73 mingta ish o‘rni yaratilgan. Tadbirkorlar soni uch barobarga ko‘paygan. Faqat shu yilning 6 oyida $643 mln investitsiya, $635 mlnlik eksport amalga oshirildi.

Yig‘ilishda foydalanilmayotgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi. Hududda mamlakatdagi qazilma boyliklarning 20 foizi, yaylovlarning 43 foizi joylashgan. 3 mln gektar yaylovdan unumli foydalanish, chorvachilik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Tadbirkorlar takliflariga asoslangan $1,6 mlrdlik qo‘shimcha loyihalar taqdim etilib, 10 mingta yangi ish o‘rni va $238 mlnlik eksport imkoniyatlari yaratilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Nurota tumanida sanoat zonasi tashkil etish, kashtachilik markazlarini ko‘paytirish, ehtiyojmand oilalarni quyosh panellari va ko‘chma do‘konlar bilan ta’minlash kabi ijtimoiy yo‘nalishdagi tashabbuslar ilgari surildi.

Davlat rahbari loyihalarning iqtisodiy samaradorligini oshirish, yirik va kichik korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish, servis va turizm xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda ekologik qonunlarni buzgan 22 ta korxona faoliyati to‘xtatilgan edi.

Shuningdek