
Buyuk Britaniyaning Edinburg universiteti olimlari surunkali charchoq sindromi (ME/CFS) bilan og‘rigan insonlar DNKlarida sog‘lom odamlarnikidan farqli bo‘lgan 8 ta genetik o‘zgarishni aniqladi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, bu kashfiyot ushbu kasallik faqat psixologik holat yoki dangasalik natijasi degan noto‘g‘ri qarashlarni rad etadi.
Tadqiqot 15 mingdan ortiq ME/CFS bilan og‘rigan va 250 mingdan ortiq sog‘lom yevropaliklar DNK namunalarini o‘rgandi. Kasallikka chalinishda immun va asab tizimi genlarining roli borligi aniqlandi. Ba’zi genlar infeksiyaga javob reaksiyasi bilan, boshqalari esa surunkali og‘riqlar bilan bog‘liq.
Olimlar bu natijalar darhol davolovchi test yoki dori olib kelmasligini aytgan bo‘lsalar-da, bu kashfiyot ME/CFS haqida chuqurroq tushunchalarni beradi va kelajakda yangi davolash yo‘llari uchun zamin yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq survivor sindromi haqida batafsil yozgan edik.