O‘zbekiston va BAA o‘rtasida talaba va shifokorlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘rtasida talaba va shifokorlar almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi diplomatlari Ras Al-Xayma amirligida joylashgan RAK Hospital kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ashendu Pandey bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda BAA tomoniga sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, tibbiy ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar, shuningdek, «Yangi Toshkent» loyihasi kabi qurilish va shaharsozlik sohasidagi yirik tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Pandey mamlakatdagi qulay biznes muhitini yuqori baholab, ikki davlat o‘rtasida yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga qiziqish bildirgan.
Uchrashuv yakunida ikki davlat o‘rtasida talabalar hamda shifokorlar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish, uy-joy va mehmonxona qurilishi loyihalarida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bundan avval Chuvashiya va O‘zbekiston qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishi haqida yozgandik.