O‘zbekiston tarvuz eksportini deyarli 70 foizga oshirdi
eʼlon qilindi
O‘tgan yilning dastlabki olti oyiga nisbatan

2025-yilning yanvar – iyun oylarida mamlakat xorijga qiymati $29,9 millionga teng bo‘lgan 130,6 ming tonna tarvuz eksport qilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 52,7 ming tonnaga, ya’ni 67,7 foizga ko‘p.
O‘zbekiston tarvuzini eng ko‘p xarid qilgan davlatlar:
- Rossiya – 66 ming tonna;
- Qozog‘iston – 44 ming tonna;
- Qirg‘iziston – 19 ming tonna;
- Belarus – 968 tonna;
- Mo‘g‘uliston – 618 tonna;
- Latviya – 76 tonna;
- Gruziya – 66 tonna;
- Polsha – 61 tonna;
Qolgan 121 tonna tarvuz esa boshqa davlatlar tomonidan import qilingan. Bundan avval Qashqadaryodan Rossiyaga tarvuz eksporti boshlangani va Oʻzbekistonda tarvuz narxi tushgani haqida yozgandik.
Shuningdek, iyun oxiri – iyul boshida ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda tarvuzdan ommaviy zaharlanish holati aniqlangani haqida video tarqalgandi. Ammo faktchekerlar jamoasi ushbu xabarning feyk ekanini aniqlagan.