
Qoraqalpog‘iston O‘zbekistonning eng keng hududlaridan biri bo‘lib, o‘ziga xos madaniyati, tarixiy yodgorliklari va noyob tabiiy manzaralari bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, oxirgi yillarda respublikaning ko‘plab hududlari turizm maskanlariga aylantirilmoqda. Quyida Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonda sayohat qilish mumkin bo‘lgan joylar haqida ma’lumot beradi.
Ushbu maqola orqali quyidagi manzillar haqida bilib olishingiz mumkin:
- Nukus va I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi
- Mo‘ynoq va Orol dengizi
- Qarateren turizm maskani
- Sudoche ko‘llari
- Mizdaxqon kompleksi
1. Nukus va I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi

Nukus — Qoraqalpog‘istonning poytaxti, zamonaviy va tarixiy arxitekturani o‘zida uyg‘unlashtirgan shahar. Bu yer Orolbo‘yi madaniyatining yuragi sanaladi. Shaharda qadimiylik va yangilik yonma-yon yashaydi: bir tomonda zamonaviy binolar qad rostlagan bo‘lsa, ikkinchi tomonda xalq san’ati namunalarini uchratish mumkin.
Sayohatchilar uchun quyidagi maskanlar alohida qiziqish uyg‘otadi:
- Amir Temur nomidagi shahar bog‘i – sayr qilish va hordiq chiqarish uchun qulay, keng va fayzli maskan.
- Do‘stlik kanali bo‘yi va bosh maydon – davlat bayramlari, konsertlar va ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan asosiy hudud. Maydon atrofidagi zamonaviy binolar va kanal bo‘yi, favvoralar shaharga zamonaviy ko‘rinish bag‘ishlaydi.
- I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi – dunyoda ikkinchi eng katta rus avangard kolleksiyasiga ega bo‘lgan san’at maskani. Muzeyda Qoraqalpoq xalq amaliy san’ati, tarixiy eksponatlar, arxeologik topilmalar va noyob san’at asarlari namoyish etiladi. Uni «Sahrodagi Luvr» deb atashadi. Bu muzey nafaqat O‘zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyoda noyob san’at markazi hisoblanadi.
- Berdaq nomidagi Qoraqalpoq milliy muzeyi – Qoraqalpoq xalqining tarixi, urf-odatlari, etnografiyasi va qadimiy turmush tarzini yorituvchi ko‘rgazmalarga boy. Bu muzeyda siz qadimdan to hozirgi kungacha bo‘lgan madaniyatning izlarini ko‘rishingiz mumkin.




Tabiat bag‘rida hordiq chiqarishni istaganlar uchun, shahardan unchalik uzoq bo‘lmagan joyda joylashgan va yaqinda turizm maskaniga aylantirilgan Achchiqko‘l bo‘yiga borish mumkin. Bu yer ornitologlar va tabiiy manzaralarni sevuvchilar uchun ayni muddao: suv qushlari, jimjitlik va osuda tabiat, bundan tashqari «Qoraqalpoq etno qishlog‘i» ham mavjud.
2. Mo‘ynoq va Orol dengizi «Kemalar qabristoni»

Mo‘ynoq — Orol dengizining sobiq port shahri, bugungi kunda esa ekologik fojeaning timsoliga aylangan manzil. Mo‘ynoqning eng mashhur maskani bu — «Kemalar qabristoni». Sobiq port hududida, hozirgi qum ustida zanglagan kemalar sukunat ichida yotibdi.
Sayyohlar bu yerda eski kemalar va baliqchilar uylarini, shuningdek Orol dengizidan qolgan maydonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi mumkin.
Mo‘ynoqda joylashgan Orol dengizi muzeyi esa bu ekologik fojeaning sabablari, oqibatlari va xalq hayotiga ta’sirini ko‘rsatadigan eng muhim manbalardan biri. Muzeyda orolning tarixiy xaritalari va sun’iy yo‘naltirishlardan oldingi holati, baliqchi jihozlari, kemalar qismlari, ilmiy hujjatlar, shuningdek, mahalliy aholi hayotidan lavhalar: fotosuratlar, hujjatlar va shaxsiy buyumlar mavjud.
3. Qarateren turizm maskani

Qoraqalpog‘istonning shimoliy qismida, Taxtako‘pir tumani hududida joylashgan Qarateren turizm maskani so‘nggi yillarda katta e’tiborni qozonmoqda. Bu joy o‘zining tabiiy manzaralari, milliy an’analar bilan uyg‘unlashgan muhit va madaniy ko‘ngilochar imkoniyatlari bilan nafaqat xorijlik sayyohlar, balki mahalliy yoshlar uchun ham sevimli dam olish maskaniga aylangan.




Qarateren ko‘li — keng va tiniq suv sathi, atrofini o‘rab olgan qumli tepaliklar va yovvoyi tabiat bilan o‘ziga xos maskan. Ko‘l atrofida qoraqalpoqcha milliy o‘tovlar qad rostlagan. Sayyohlar bu o‘tovlarda tunash, qoraqalpoq urf-odatlari bilan yaqindan tanishish, milliy taomlarni tanovvul qilish imkoniga ega. O‘tovlar milliy bezaklar bilan jihozlangan bo‘lib, ularning har biri mahalliy ustalar qo‘li bilan yasalgan.
4. Sudoche ko‘llari

Qoraqalpog‘istonning shimoliy-g‘arbiy qismida, Mo‘ynoq tumani yaqinida joylashgan Sudoche ko‘llari tizimi — Orol dengizi ekologik halokatidan so‘ng ham o‘zining tabiiy boyliklarini asrab qolgan va bugungi kunda ekologik va ornitologik turizm uchun eng istiqbolli hududlardan biri hisoblanadi. U Ramsar konvensiyasiga muvofiq xalqaro ahamiyatga molik suvli-botqoq hudud sifatida tan olingan.

Sudoche ko‘llari ayniqsa pushti flamingolari bilan mashhur. Bahor faslida bu yerda minglab flamingolar koloniyasi to‘planadi, ularning parvozlari va suv ustida suzib yurishi tabiatni sevuvchilarni o‘ziga rom etadi. Bu go‘zallik — suratkashlar, biologlar va oddiy sayyohlar uchun chinakam kashfiyot.
Flamingolardan tashqari, bu yerda boshqa bir qator qush turlarini uchratish mumkin.
Sudoche ko‘llari atrofidagi Ustyurt platosi va Amudaryo deltasining qolgan qismlari ham yovvoyi tabiatni o‘rganish va kuzatish uchun ajoyib imkoniyatlar yaratadi.
Bu hududlar nafaqat ekologik, balki ilmiy ekspeditsiyalar va ekologik ta’lim loyihalari uchun ham keng imkoniyatlar yaratadi. Mazkur hududga tashrif buyurgan mehmonlar professional gidlar yordamida qush kuzatuvlari orqali minglab flamingo va boshqa noyob qush turlarini yaqindan ko‘rishlari mumkin.
5. Mizdaxqon kompleksi

Arxeologik majmua Nukus shahridan 40 daqiqalik yoʻl uzoqlikda, Xoʻjayli tumanidan esa uncha uzoq boʻlmagan masofada joylashgan.
Afsonaga ko‘ra, qabriston hududida dunyoning oxirigacha sanalgan «Dunyo soati» yoki «Qiyomat soati» bor. Har yili «soat» devoridan g‘isht tushadi va afsonada aytilganidek, oxirgi g‘isht tushganda, qiyomat sodir bo‘ladi. Shuning uchun, bu yerga kelgan ziyoratchilar ehtiyotkorlik bilan toshlarni yig‘ib, duo o‘qiydi.
Mizdaxqon 2 ta tepalikdan iborat. Ulardan biri boʻlgan Gauir qal’a Mizdaxqonning qadimgi qismi boʻlib, uning qalin paxsa devori va arkining qoldiqlari saqlanib qolgan. Mizdaxqonning 2-tepaligi qabristonga aylangan. Uning maydonining bir qismida Mazlumxon suluv (Nazlimxan suluv deb ham ataladi) maqbarasi (XIII asr oxiri – XIV asr boshi) joylashgan.

Majmua 200 gektar maydonni egallaydi. Uning ikkita qal’asi IX—XII asrlarda qurilgan.
Sharqiy tepalikda Mazlumxon suluv maqbarasidan tashqari Shamun Nabiy, Halfa Erejep va Madaminxon maqbaralari, Karvonsaroy, Qirq-Shopan qal’asi, Jomart-Qassap minorasi, madrasa va boshqa qabristonlar joylashgan. Qabriston boʻylab ming yillik tarixga ega boʻlgan koʻplab mozorlar mavjud.



Ulardan koʻplari shunchalik mustaham qurilganki, oʻzlarining dastlabki asl qiyofasini deyarli yoʻqotmagan. Qabrlar yonida turli xil idishlar, idishlar, ossuariylarning parchalari kabi qadimiy yodgorliklarni koʻrish mumkin.
Sayohatga oid tavsiyalar
Nukus shahriga to‘rtta transport orqali: samolyot, poezd, avtobus yoki taksi bilan borish mumkin. Eng arzon transport vositalari avtobus va taksi, qulay ammo qimmatrog‘i esa poezd va samolyot. Mo‘ynoqqa Toshkentdan to‘g‘ridan to‘g‘ri reys mavjud emas, ammo Silk Avia tomonidan Nukus—Mo‘ynoq—Nukus yo‘nalishida haftaning ma’lum kunlarida aviqatnovlar amalga oshiriladi.
Qolgan manzillarga esa faqat mahalliy taksi xizmatlari yoki shaxsiy avtomobilda tashrif buyurish mumkin.
Qoraqalpog‘iston yozda issiq, qishda sovuq hudud. Shu sababli yuqoridagi sayohat manzillariga bahor va kuz mavsumlarida borish ko‘proq mos keladi. Ayniqsa flamingolarni ko‘rish uchun bahor eng qulay mavsum.
Umuman olganda, Qoraqalpog‘iston — arxeologiya, san’at, ekologiya va tarixiy obidalar bilan boy hudud. Nukusda san’at muzeylarini tomosha qilish, Mo‘ynoqda Orol dengizi tarixini o‘rganish, tumanlardagi milliy urf-odat, qadimiy madaniyatni tanish va Sudoche ko‘llarida qushlar hayotini kuzatish mumkin.
Bundan avval O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda yozgi ta’tilni qayerlarda o‘tkazish mumkinligi haqida tavsiya bergandik.