Soxta geologik xarita va ish va’dasi bilan firibgarlik qilganlar ushlandi

eʼlon qilindi
Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan
Soxta geologik xarita va ish va’dasi bilan firibgarlik qilganlar ushlandi / Foto: Fair Trial

DXX tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda firibgarlik yo‘li bilan pul olishga uringan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Samarqand shahrida geologik xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona direktori o‘zini ilgari Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida ishlagan deb tanishtirib, qo‘lida Samarqand va Jizzax viloyatlaridagi geologik qidiruv ishlari bo‘yicha «mahfiy» xaritalar borligini aytgan. U mazkur hujjatlarni $25 mingga sotmoqchi bo‘lgan. Tezkor tadbirda u 10 ming dollar olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, xaritalar maxfiy hujjatlar hisoblanmaydi.

Ikkinchi holatda esa, «O‘ztransgaz» tarkibidagi «Muborak magistral gaz quvurlari» boshqarmasining Shahrisabz GTS operatori tanishlari orqali ishga joylashtirib qo‘yish evaziga Qarshi shahrida yashovchi fuqarodan $4 ming so‘ragan. U ham pulni olayotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘qonlik fuqaro terrorchi tashkilotga qo‘shilishga uringani uchun olti yilga qamalgan edi.

Shuningdek