Tesla tarixi: oddiy sportkar orzusidan trln dollarlik texnologik gigantgacha

7-avgust 2025 11:05 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Tesla tarixi / Foto: Schiavello.com

Bugungi kunda Tesla deganda koʻz oldimizda takomillashgan elektromobillar, avtomatik boshqaruv tizimi va albatta Ilon Mask gavdalanadi. Ammo kompaniyaning paydo boʻlishi Mask bilan emas, balki ikki muhandis Martin Eberhard va Mark Tarpenning bilan bogʻliqligi hammaga ham ma’lum emas. Kursiv Uzbekistanʼning bu safargi brend tarixi ruknida Tesla kompaniyasi haqida soʻz boradi.

Mazkur maqolada quyidagilar haqida hikoya qilinadi:

Ilk qadamlar: elektron kitoblardan elektromobillargacha

Martin va Mark dastlab NuvoMedia kompaniyasini tashkil etib, Rocket eBook nomli elektron kitob platformasini ishlab chiqadi. Kompaniya muayyan summaga sotilgach, ular global muammolar iqlim oʻzgarishi, neftga qaramlik haqida oʻylay boshlaydi. Aynan shu muammolar ularni yangi yoʻnalishga, ya’ni elektr transport vositalarini takomillashtirishga undadi.

Muhandislar 2003-yilda Tesla Motors kompaniyasiga asos soldi. Ular elektromobillar haqida mavjud stereotiplarni oʻzgartirishni, ya’ni sekin va amaliy boʻlgan avtomobillar emas, balki tez va zamonaviy avtomobillar yaratishni maqsad qiladi. Ularning gʻoyasi birinchi navbatda premium sportkar ishlab chiqib, keyinchalik uni ommaviy bozorda arzonlashtirishga asoslangan edi.

Nima uchun Tesla?

Kompaniya nomi mashhur ixtirochi Nikola Teslaga hurmat sifatida tanlangan. Aynan uning oʻzgaruvchan tok haqidagi ishlanmalari bugungi elektr tarmogʻining asosi hisoblanadi. Tesla oʻzining fizikadagi inqilobiy gʻoyalari bilan tanilgan boʻlib, uning merosi kompaniya strategiyasiga chuqur singdirilgan. Bu nom ilm-fanga boʻlgan hurmat va texnologik innovatsiyalarga sadoqatni ifodalaydi.

Ilon Mask loyihaga qanday qoʻshilgan?

Ilon Mask / Foto: Associated Press

Ilon Mask dastlab loyihaga invertor sifatida jalb qilinadi. 2004-yilda Tesla oʻzining birinchi moliyalashtirish bosqichida Maskdan $6,5 million investitsiya oldi. Bu unga kompaniya boshqaruvida muhim rol oʻynash huquqini berdi. Vaqt oʻtishi bilan Mask kengroq ta’sir doirasiga ega boʻldi, 2008-yilga kelib u bosh ijrochi direktori lavozimini egalladi.

Uning loyihaga qoʻshilishi Tesla uchun muhim moliyaviy yordam manbai boʻldi. U oʻzining yuqori riskka tayyorligi va texnologik ambitsiyasi bilan kompaniyani investorlar va omma e’tiboriga olib chiqdi. Ilk sportkar Roadsterʼga sarmoya jalb qilishda aynan Maskning roli hal qiluvchi boʻldi.

Roadster elektromobili

Roadster / Foto: Wikipedia

Teslaʼning ilk modeli Roadster bu nafaqat kompaniyaning, balki butun elektromobil sanoatining rivojida muhim qadam boʻldi. Tesla toʻliq quvvatlanganda taxminan 390 km masofani bosib oʻta olgan, shuningdek, 0 dan 100 km/soatgacha atigi 4 soniyada chiqqan. Bu texnik koʻrsatkichlar elektromobillar haqidagi an’anaviy tasavvurlarni butunlay oʻzgartirib yuborgan.

Roadsterʼning muvaffaqiyati kompaniyaga katta obroʻ keltirdi, ammo u ishlab chiqarish va texnologik jihatdan juda murakkab boʻlgan. Akkumulyator tizimi, sovitish va xavfsizlik boʻyicha yechimlar noldan ishlab chiqilgan. Bularning barchasi kompaniyaning keyingi modellari uchun texnologik asos boʻlib xizmat qildi.

Ichki ziddiyatlar va huquqiy kurash

2007-yilda kompaniya ichida Eberhard va Mask oʻrtasida keskin kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Boshqaruv kengashi Eberhardni lavozimidan chetlatdi. Natijada u 2008-yilda kompaniyani butunlay tark etdi. Tarpenning ham oradan koʻp oʻtmay ketdi.

2009-yilda Eberhard sudga murojaat qilib, Mask oʻzini «asoschi» deb notoʻgʻri koʻrsatayotganini ta’kidladi. Sudda tomonlar kelishuvga erishdi va Tesla rasmiy ravishda Eberhard, Tarpenning va Maskni asoschi sifatida tan oldi.

Bugungi Tesla: nafaqat avtomobil, balki texnologiya kompaniyasi

Bugun Tesla faqat avtomobil ishlab chiqaruvchisi emas. U sun’iy intellekt, akkumulyatorlar, energiya saqlash, avtopilot va hatto uy energiyasi tizimlari bilan shugʻullanadigan yirik texnologik kompaniyaga aylangan. Uning kapitallashuvi koʻplab an’anaviy avtomobil ishlab chiqaruvchilardan oshib ketgan. Bugungi kunda Teslaʼning bozor qiymati taxminan $1 trln tashkil etdi.

Global raqobat va Teslaʼning hozirgi holati

Foto: Sora yordamida tayyorlandi

2024-yilda Tesla jami 1,77 million avtomobil ishlab chiqardi, bu 2023-yilga nisbatan taxminan besh foizga kam. 2025-yilning birinchi choragida esa ishlab chiqarish 362 ming donani tashkil qildi, bu esa oʻtgan yilgiga nisbatan 16 foizli pasayishni anglatadi.

Global bozorda kompaniyaga jiddiy raqobatchilar paydo boʻldi. Xitoyning BYD kompaniyasi 2024-yilda 4,27 milliondan ortiq elektromobillar sotib, global yetakchilikni qoʻlga kiritdi. Tesla esa 1,77 million sotuv bilan ikkinchi oʻringa tushdi. Bundan tashqari, Xitoyning Li Auto, Xpeng, Nio kabi brendlari ham bozorda kuchli pozitsiyaga ega.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan avtomobil uchun zarur boʻlgan aksessuarlar haqida maqola tayyorlagan edi.

Shuningdek