Trampning chip bojlari, G‘azoga gumanitar yordam, tugmali telefonlar va Toshkentdagi ziyofat mojarosi — 7-avgustdagi muhim yangiliklar dayjesti

Tramp AQShga import qilinadigan chiplarga 100% boj solmoqchi

AQSh prezidenti Donald Tramp AQShda ishlab chiqarilmayotgan yarim o‘tkazgich (chip) mahsulotlariga 100 foizgacha boj solinishini ma’lum qildi. Yangi bojlar faqat AQShda ishlab chiqarishni boshlagan yoki rejalashtirgan kompaniyalarga tatbiq etilmaydi.
Apple iPhone oynasi va Face ID modullarini AQShda ishlab chiqarmoqchi

Apple kompaniyasi AQShdagi ishlab chiqarishni kengaytirish uchun yana $100 mlrd sarmoya kiritishini e’lon qildi. Bu qaror Donald Tramp chip importiga 100 foizlik boj joriy etilishini aytgach bildirildi. Apple sarmoya evaziga AQShda 24 ta zavodda 19 mlrd chip ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Kompaniya, shuningdek, Corning va Coherent kabi mahalliy hamkorlar bilan iPhone’ning oynasi va Face ID modullarini AQShda ishlab chiqarmoqchi.
Xususiy tashkilotlarga G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga ruxsat berildi

2025-yil 5-avgustdan boshlab Isroil hukumati xususiy tashkilotlarga G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazishga yana ruxsat berdi. Isroil Mudofaa vazirligi huzuridagi COGAT idorasi ma’lumotiga ko‘ra, bu yordamlar qat’iy nazorat ostida hududga kiritiladi. Yangi tartibga binoan oziq-ovqat, gigiyena vositalari, meva-sabzavotlar va bolalar uchun mahsulotlar G‘azoga xususiy sektor orqali bosqichma-bosqich yetkaziladi. Maqsad – yordam hajmini oshirish va BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlarga bog‘liqlikni kamaytirishdir.
Infiniti QX80 Sport 2026 avtomobili taqdim etildi

Infiniti QX80 Sport modelining 2026-yilgi versiyasi taqdim etildi. Bildirilishicha, model nomidagi Sport so‘ziga qaramay, avtomobil sport xarakteriga emas, balki yuqori darajadagi qulaylik va hashamatga urg‘u beradi. Infiniti QX80 Sport AQSh bozorida $104 ming narxda taklif qilinmoqda. Bu model kompaniyaning Luxe va Autograph komplektatsiyalari orasida o‘rta sinfga kiradi. Taqqoslash uchun, eng yuqori Autograph versiyasi $113 ming turadi.
Samsung Galaxy A17 5G haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi

Samsung tez orada yangi Galaxy A17 5G smartfonini taqdim etadi. Yangi model avvalgi Galaxy A16’dan ham yengil va yupqaroq bo‘ladi. Uning qalinligi 7,5 mm (A16’da – 7,99 mm), og‘irligi esa 192 gramm (ilgari 200 gramm edi). Galaxy A17 5G 6,7 dyuymli Super AMOLED ekran bilan jihozlanadi. Yangilanish tezligi maksimal 90 Hz bo‘ladi. Ekran Corning Gorilla Glass Victus himoyasi bilan qoplangan.
Sud xizmatlari uchun MySud mobil ilovasi ishga tushirildi

Fuqarolar uchun yengillik yaratish maqsadida Oliy sud tomonidan MySud mobil ilovasi ishlab chiqildi va ishga tushirildi. Endilikda foydalanuvchilar sudlarga elektron murojaat yuborish, ish holatini real vaqt rejimida kuzatish, sud to‘lovlarini onlayn to‘lash hamda boshqa ko‘plab interaktiv xizmatlardan bir ilova orqali foydalanishlari mumkin.
Janubiy Koreya xorijiy ishchilar uchun qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratadi

Janubiy Koreya xorijiy ishchilar uchun mehnat sharoitlari, sanoat xavfsizligi va bandlik xizmatlarini qamrab oluvchi qo‘llab-quvvatlash tizimini ishlab chiqadi. Bu haqda mehnat vaziri Kim Yong Xun migratsion bandlik tizimini yaxshilashga bag‘ishlangan «EPS – 2025» konferensiyasida ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hukumat migrantlar huquqlarining buzilishiga nisbatan «nol toqat» tamoyiliga amal qiladi va ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish choralari kuchaytiriladi.
2025-yilning eng yaxshi tugmali telefonlari aniqlandi

2025-yilda tugmali telefonlar yana ommalashmoqda. Xo‘sh, 2025-yilning eng yaxshi tugmali telefonlari qaysilar? Kursiv Uzbekistan Gizmochina nashriga tayanib, ma’lumotlarni to‘pladi.
O‘zbekiston va BAA o‘rtasida talaba va shifokorlar almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) o‘rtasida talaba va shifokorlar almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi diplomatlari Ras Al-Xayma amirligida joylashgan RAK Hospital kompaniyasi bosh ijrochi direktori Ashendu Pandey bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda BAA tomoniga sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, tibbiy ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar, shuningdek, «Yangi Toshkent» loyihasi kabi qurilish va shaharsozlik sohasidagi yirik tashabbuslar haqida batafsil ma’lumot berildi.