WhatsApp’da ro‘yxatdan o‘tmaganlar bilan ham muloqot qilish imkoni yaratildi

eʼlon qilindi
«Mehmon chati» orqali
WhatsApp orqali ro‘yxatdan o‘tmaganlar bilan ham muloqot qilish imkoni yaratildi. Foto: Tech Advisor

WhatsApp «Mehmon chati» deb nomlangan yangi funksiyani sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda iXBT nashri xabar berdi.

Ushbu funksiya Android qurilmalari uchun mo‘ljallangan WhatsApp ilovasining test versiyasida paydo bo‘lgan. Bu orqali foydalanuvchilar maxsus havola bilan bo‘lishishi mumkin. Ushbu havola WhatsApp ilovasida emas, balki tashqi brauzerda ochiladi. Ya’ni suhbatga taklif etilgan odamning qurilmasida WhatsApp o‘rnatilgan bo‘lishi shart emas. Dialog WhatsApp’dagi boshqa xabarlar kabi to‘liq shifrlangan (end-to-end encryption) bo‘ladi.

Funksiyaning cheklovlari mavjud

Ammo ushbu sinov versiyada ayrim cheklovlar mavjud:

  • foto va video yuborib bo‘lmaydi;
  • ovozli va videoqo‘ng‘iroqlar mavjud emas;
  • faqat matnli yozishmalar mumkin;
  • bu chatlar faqat shaxsiy muloqot uchun – guruh suhbatlarini yaratish imkoni yo‘q.

Mualliflar bu yangilik foydalanuvchilarning xavfsizligi va maxfiyligini ta’minlashga qaratilgan deb hisoblashmoqda. Ya’ni shaxsiy ma’lumotlarni oshkor qilmasdan, qurilmaga ortiqcha yuklama solmasdan tezkor aloqa o‘rnatishning qulay usuli taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, iPhone uchun WhatsApp ilovasining beta versiyasida yana bir yangi imkoniyat paydo bo‘ldi – endi ovozli xabarlarni tanlab, matnga aylantirish mumkin. Bu funksiya orqali foydalanuvchilar ovozli xabarlar mazmunini chat ichida matn shaklida o‘qiy olishadi.

Bundan avval Telegram ilk marta shaxsiy akkauntga «galochka» bergani haqida yozgandik.

Shuningdek