Xorazmda 1,3 mlrd so‘mlik ish haqi xodimlarga undirib berildi

Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida faoliyat yurituvchi «WBM Qo‘shko‘pir Claster» MChJ korxonasida xodimlarning mehnat huquqlari buzililishi holati aniqlandi. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar qildi.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida korxona 119 nafar xodimga ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lamagani aniqlangan. Mehnat organlari aralashuvidan so‘ng ushbu xodimlarga jami 1,31 milliard so‘m miqdoridagi ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undirib berildi.
Mehnat inspeksiyasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning birinchi yarmida respublika bo‘ylab o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 10 501 nafar xodimning jami 129,7 milliard so‘mdan ortiq miqdoridagi oylik ish haqi va to‘lovlari tiklangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda 108 fuqaroning 1,5 milliard so‘mlik ish haqi undirib berilgani haqida yozgandi.