
Lynk & Co kompaniyasi 10 EM-P gibrid sedani 11-avgustdan oldindan buyurtmaga ochiladi. Model 200 ming yuan ($28 ming) bozor segmentiga mo‘ljallangan. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Barcha versiyalarda to‘liq yuritma va tomdagi lidar standart bo‘ladi.

Avtomobil G-Pilot H7 haydovchiga yordam berish tizimi bilan jihozlangan. Tizim Nvidia Drive Thor chipida ishlaydi va 700 TOPS hisoblash quvvatiga ega. Bu shahar va trassada avtomatik boshqaruv hamda xaritasiz parkovka funksiyasini ta’minlaydi.
Tashqi dizayn Next Day uslubida. Fastbek shakli, romsiz eshiklar, yashirin tutqichlar, H-shaklli old chiroqlar, nuqtali orqa chiroqlar va orqa qanot saqlangan. Ustunlar qora rangda bo‘lib, «suzuvchi tom» effektini beradi. Disklar 19 yoki 20 dyuym, shinalar mos ravishda 245/50 R19 va 255/45 R21.

O‘lchamlari: uzunligi 5050 mm, eni 1966 mm, balandligi 1487 mm. G‘ildirak bazasi 3005 mmni tashkil etadi. Olti rangda taqdim etiladi: qora, kulrang, binafsha, oq, bej va oltin.
Gibrid tizim 1.5T Evo benzin dvigateli va ikki elektromotordan iborat. Dvigatel quvvati 120 kVt (161 ot kuchi), momenti 255 Nm. Elektromotorlar mos ravishda 180 kVt (241 ot kuchi)/350 Nm va 90 kVt (121 ot kuchi)/150 Nm ishlab chiqaradi. Umumiy quvvat 390 kVt (523 ot kuchi), moment 755 Nm. Uzatmalar qutisi — 3 pog‘onali DHT.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Olti o‘rindiqli Li i8 elektromobili rasman sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.