Qanday kiyim kiyish Lopesning tanlovi – Alisher Qodirov

eʼlon qilindi
Partiya rahbari kiyinish masalasida fikr bildirdi
Alisher Qodirov
Alisher Qodirov: Qanday kiyim kiyish Lopesning tanlovi / Foto: Alisher Qodirovning instagram sahifasi

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov O‘zbekistonning dunyoviy davlat sifatidagi tamoyillarini izohlab, bu tizim har bir fuqaroning tanlovini hurmat qilishga asoslanishini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyoviy davlatda ko‘pchilik saylagan parlament va prezident tomonidan qabul qilingan qonunlarga amal qilgan holda, odamlar xohlagancha yashashi mumkin.

Qodirov fikricha, mamlakatda barcha millat va dunyoqarash vakillarining qonun doirasida emin-erkin farovonlikka intilishi uchun sharoit yaratilgan va hech kim kamsitilmasligi kafolatlangan.

«Agar biron vatandosh pivo ichmoqchi bo‘lsa, ichadi, bu uning tanlovi, ichmaydigan vatandosh ichmaydi va buning sababini har ikki toifa hech kimga izoh berishga majbur emas», – dedi u.

U amaldagi qonunda alkogol ichimliklarini iste’mol qilishga ruxsat borligini, ammo reklama qilish taqiqlanganini eslatgan.

Misol sifatida u Jennifer Lopes konsertini keltirib, tadbir yopiq bo‘lsa, davlatga qarshi targ‘ibot va narkotika tarqatish bo‘lmasa, u o‘tkazilishi mumkinligini aytdi.

«Jennifer Lopesni konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, narkotika tarqatib, davlatga qarshi targ‘ibot qilmasa, o‘tkazadi, tanasini ko‘rsatish uni tanlovi, ko‘rish esa tadbirga bilet olganlarniki», – degan u.

Qodirov pasportga tushish uchun ayollarning ro‘molini majburan yechish amaliyotini ham tanqid qilgan.

«Identifikatsiya talablari yuzni ochiq bo‘lishini taqozo qiladi, sochni emas. Lopesga ko‘rsatgan bag‘rikengligimizni dindor ayollarimizga ham ko‘rsataylik», – deya qayd etgan u.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Alisher Qodirov bog‘cha va maktablarda bolalarning ongostiga sovet davriga sog‘inch va muhabbatni singdirilishi milliy tahdid sifatida baholanishi shartligini qayd etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek