Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga imtiyozli kredit beriladi

eʼlon qilindi
Besh milliard so‘mgacha, 18 foiz stavkada
OTM qabul
Bitiruvchilarni ishga olgan tadbirkorlarga besh milliard so‘mgacha kredit ajratiladi. Foto: Vuzopedia

Endi ishga olingan bitiruvchilar soniga qarab tadbirkorlarga besh milliard so‘mgacha, yillik 18 foiz stavkada kredit beriladi. Bu haqda prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda bitiruvchilarning aksariyati katta kredit olib, uni qaytara olmasligidan xavotirda ekanini inobatga olib, imtiyozli kredit resursining bir qismini bitiruvchini ishga olgan korxonalarga ham berish taklifi ma’qullandi.

Masalan, bir milliard so‘mgacha kredit olgan tadbirkor kamida bir nafar, besh milliard so‘m kredit olganlar esa kamida besh nafar bitiruvchini ish bilan ta’minlashi kerak bo‘ladi. Agar imtiyozli kredit olgan korxona bitiruvchini ikki yil ichida ishdan bo‘shatsa, kredit foizi tijorat stavkasiga o‘zgaradi.

Ushbu yangi tizim nafaqat joriy yilgi, balki oliygohni tugatganiga uch yil bo‘lmagan bitiruvchilar uchun ham amal qiladi.

Shu bilan birga, mutasaddilarga hokimlar, mahalla raislari, hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari bilan birgalikda to‘qqiz ming uyushmagan va o‘qishdan chetlatilgan yoshlarni tadbirkorlik, xorijiy til va zamonaviy kasblarga o‘rgatib, ish bilan ta’minlash topshirildi.

Bundan tashqari, mas’ullar oldiga 31 ming tarbiyasi og‘ir yoshlarni kasb va til to‘garaklari, sport musobaqalari, harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Bundan avval abituriyent tanlangan beshta OTMga kira olmasa ham talaba bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandik.

Shuningdek