
Xitoyning Guangsi viloyatida BYD Song Plus elektromobili uch marta ketma-ket chaqmoq urishiga uchradi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Hodisa Beihai shahridagi Tieshan servis hududida sodir bo‘ldi. Yon atrofdagi avtomobillarning videoregistratori voqeani qayd etdi. Chaqmoq mashina tomi ustiga kelib tushganda kuchli chaqnashlar ko‘ringan.
Haydovchi ichkarida xavfsiz qolgan. Mashinaning asosiy «uch elektr» tizimi – quvvat batareyasi, elektron boshqaruv va motor – butun holda saqlanib qoldi. Tekshiruvda tomda ikki zarba izi topildi, lekin boshqa qismlar zarar ko‘rmagan.
Mutaxassislar buni «Faraday qafasi» effekti bilan tushuntirdi. Chaqmoq urganida tok avtomobilning metall korpusi bo‘ylab yerga o‘tadi, ichkaridagi odamlar esa bir xil potensialda bo‘lgani uchun jarohatlanmaydi.

Mutaxassislar darhol mashinadan chiqmaslikni tavsiya qiladi. Avval barcha elektron qurilmalarni, shu jumladan, dvigatel va audio tizimni o‘chirib qo‘yish kerak. Antennalarni yig‘ib, oynalarni yopib olish lozim. Agar yong‘in yoki bevosita xavf bo‘lmasa, chaqmoq so‘nganidan keyin kamida 30 daqiqa o‘tib chiqish tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan BYD kompaniyasi Afrika va Yaqin Sharq bozorlariga mo‘ljallangan yangi BYD Denza B8 gibrid SUV modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.
Denza B8 – bu to‘liq o‘lchamli, uch qatorli yo‘ltanlamas avtomobil. U Xitoyda FCB Bao 8 yoki Leopard 8 nomi bilan sotiladi. B8 modeli xorijiy bozorlarda Denza brendi ostida taqdim etiladi. BYD bu orqali Denza model qatorini kengaytirishni maqsad qilgan.