Endi ishsizlik nafaqasi mehnat shartnomasini bekor qilganlarga to‘lanadi

O‘zbekistonda ishsizlik nafaqasi va ijtimoiy himoya tizimi bo‘yicha yangi qoidalar joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, so‘nggi 5 yil ichida kamida 18 oy ishlagan shaxslar, shartnoma bekor qilingandan keyin 6 oy ichida murojaat qilsa, ularga oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida nafaqa beriladi. Birinchi oyda – o‘rtacha ish haqining 75 foizi, keyingi ikki oyda esa 50 foizi, ammo belgilangan eng kam ish haqining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.
Shuningdek, shu sanadan boshlab xo‘jalik yurituvchi subyektlar nogironligi bo‘lgan shaxslar, oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari, yetimlar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar uchun majburiy ish o‘rinlari zaxirasini shakllantiradi. Bu zaxira umumiy xodimlar sonining 3 foizidan oshmasligi va 100 nafardan ortiq xodim ishlaydigan tashkilotlarga tatbiq etilishi belgilandi.
Takroran ishsizlik nafaqasi tayinlash uchun esa oldingi nafaqa muddati tugaganidan keyin kamida 12 oylik ish staji bo‘lishi shart etib belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mahalliy hokimiyat xodimlarini rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etilishi haqida yozgan edik.