Endi oliygohlarda ayrim talabalar buyurtma asosida o‘qitiladi

Endi oliygohlarda ayrim talabalar buyurtma asosida o‘qitiladi. Bu haqda prezident raisligida o‘tayotgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, qiymati bir million dollardan oshadigan va ishchilar soni 50 tadan yuqori bo‘lgan loyihalarning texnik-iqtisodiy asosida soha va yo‘nalishlar kesimida mutaxassislar ehtiyoji ko‘rsatiladi.
Shu asosda mas’ul vazirlik va tarmoq rahbarlari oliygohlarga buyurtma joylashtirib, kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Rektorlar buyurtma asosida o‘qiyotgan talabalar uchun asosiy fanlardan tashqari qo‘shimcha ta’lim modullarini joriy etadi va ularni o‘qigan talabalar kredit ballarini oladi. Talabalarning bilimi esa ikkinchi kursdan boshlab, ularni ishga olishga tayyor investorlardan iborat komissiya ishtirokida har yili baholab boriladi.
Diplom ishi loyihadagi masalalarga asoslanib himoya qilinadi. Natijada investorga mos keladigan bitiruvchilar kafolatli ravishda ishga olinadi.
Bundan tashqari, oliygoh bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo‘yicha xususiy sektor uchun maqbul tizim yaratilishi belgilandi.
Bu uchun Tadbirkorlar reytingiga alohida ko‘rsatkich qo‘shiladi. Tadbirkorlar o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni mutaxassislik yo‘nalishi bilan kiritadi.
Platformaga oliygohlar ham ulanib, oliygohning «karyera markazi» bitiruvchini bo‘sh o‘rni bor korxona bilan bog‘laydi. Eng muhimi, bitiruvchini ishga olganlik uchun tadbirkorga qo‘shimcha ball beriladi.
Bitiruvchisining yarmidan ko‘pini ishga joylashtirgan «karera markazi»ga oliygoh jamg‘armasidan 500 million so‘m mukofot beriladi.
Bundan avval O‘zbekiston har bir talaba uchun yiliga 25–30 million so‘m sarflayotgani haqida yozgandik.