Hindiston Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishi mumkin

eʼlon qilindi
AQSh bojlari sabab
Hindiston Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishi mumkin. Foto: «SauTrans»

Hindiston AQSh bojlari sabab Rossiya neftini xarid qilishni to‘xtatishi mumkin. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Unga ko‘ra, Hindistonning neftni qayta ishlash zavodlari Rossiya neftini xarid qilishni kamaytirmoqda. Bu holat Vashingtonning Nyu-Dehliga bosimni kuchaytirib, keskin tariflar joriy etishidan so‘ng yuz bergan.

Indian Oil Corp., Bharat Petroleum Corp. va Hindustan Petroleum Corp. kabi kompaniyalar hukumatdan aniq ko‘rsatma bo‘lmaguncha, Rossiya neftini sotib olishni rejalashtirmayapti. Bu qaror oktabr oyida yuklanadigan neft partiyalari xaridiga ta’sir qilishi mumkin.

Shunga qaramay Nyu-Dehli hali rasmiy ravishda davlat zavodlariga Moskva neftini sotib olishni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bermagan, hukumat Trampning tariflariga qarshi chiqmoqda.

Bundan tashqari, Rossiyaning g‘arbiy qismidan olinadigan Urals markali neftning avgust va sentabr yuklari, Nyu-Dehli boshqacha ko‘rsatma bermaguncha, reja bo‘yicha yetkaziladi.

Hozircha oktabr partiyalari bo‘yicha muzokaralar boshlanmagan, biroq treyderlar Rossiya tomonidan yanada katta chegirmalar bo‘lishini taxmin qilmoqda.

Bundan avval Donald Tramp Hindiston Rossiya neftini xarid qilgani uchun jazo tariqasida 25 foizlik boj joriy qilgandi. Nashrga ko‘ra, bundan Moskvaga bosim o‘tkazib, Ukrainadagi urushni tugatish maqsad qilingan.

Shuningdek