Ijtimoiy tarmoqlardagi soxta tabiblarga ishonmang – SSV

Sogʻliqni saqlash vazirligi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan soxta tabiblarga aldanmaslikka chaqirdi.
Vazirlik xabarida aytilishicha, tegishli huquqqa ega boʻlmagan shaxslar tomonidan ruxsat etilmagan usullar bilan tashxis qoʻyish va davolash holatlari koʻpaymoqda.
«Xastaliklardan tez, oson, asoratsiz, muhimi, tabiiy usul bilan va uy sharoitida xalos boʻlishni istagan yurtdoshlarimiz «gʻayritabiiy qobiliyatlarga ega»ligini iddao qilayotgan, turli yoʻllar orqali odamlar ishonchiga kirib, hech qanday tasdiqlanmagan hamda tegishli sinovlardan oʻtmagan «xizmat»larni taklif etayotgan bunday kimsalarga aldanib qolmoqda», – deyiladi xabarda.
Vazirlikning ta’kidlashicha, bunday shaxslar tomonidan taklif etilayotgan usullar amaldagi milliy klinik protokollar va standartlarga zid boʻlib, ular sogʻliq va hayot uchun jiddiy xavf tugʻdiradi. Shuningdek, bu «tabiblar» SSV tomonidan faoliyat yuritish uchun litsenziya olmagan.
Statistikaga koʻra, 2024-yilda litsenziyasiz tibbiy faoliyat yuritgani uchun 38 ta yuridik shaxs har biri BHMning 300 baravari miqdorida jarimaga tortilgan. 2025-yil 1-iyul holatiga esa bu raqam 24 tani tashkil etmoqda.
Bugungi kunda esa Oʻzbekistonda 150 ta tadbirkorlik subyekti tegishli litsenziya asosida xalq tabobati yoʻnalishida qonuniy faoliyat yuritmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda chikungunya bezgagi tarqalmasligi haqida xabar bergan edi.