Yangiliklar

Jennifer Lopes konserti chiptalarining 67 foizi xorijliklarga sotilgani aytildi

15 mingdan ortig‘ini xorijiy fuqarolar xarid qilgan
Foto: Kursiv Uzbekistan

7-avgust kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tgan Jennifer Lopez konsertiga jami 25 mingta chipta sotilib, ularning 15 mingdan ortigʻini xorijiy fuqarolar xarid qilgan. Bu haqda «Oʻzbekiston 24» telekanali xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, chiptalarning eng katta qismini Rossiya fuqarolari (7,5 mingta) va Qozogʻiston fuqarolari (2,5 mingta) sotib olgan. Konsert chiptalari 800 ming soʻmdan 4,1 million soʻmgacha boʻlgan narxlarda taklif etilgan.

Hozircha ushbu konsert orqali Oʻzbekiston qancha daromad olgani maʼlum qilinmadi. Biroq konsertdan soʻng stadion maysasining holati futbol jamoatchiligi orasida keskin muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Foto: Tribuna

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi rahbari Diyor Imomxoʻjayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida quyidagicha izoh qoldirdi.

«Kutilmalarimiz oʻzini oqladi. $1 mlnga qilingan maydon oʻldi. $1 mln ham stadion qurilayotganda baʼzi jihatlar ura-ura bilan qilingani oqibatida ketdi. Holbuki, $400 mingga qilish mumkin edi», – deydi u.

Ma’lumot uchun, Jennifer Lopes 3-avgust kuni Armanistonning Yerevan shahrida ham konsert bergan edi. Mahalliy OAV xabarlariga koʻra, bu tadbir Armaniston davlat budjetiga $6 mlnga tushgan. Yerevan hokimi oʻrinbosari Armen Pambukchyan konsertga 15 ming xorijiy mehmon kelganini va har bir mehmon shaharda kamida $500 sarflaganini aytgan. Unga koʻra, tadbir mahalliy turizm va iqtisodiyot uchun foydali boʻlgan.

Oʻzbekiston hukumati esa konsert uchun sarf-xarajatlar Davlat budjetidan qoplanmaganini, barcha xarajatlar tadbirkorlar hisobidan moliyalashtirilganini bildirgan. Biroq hozirgacha shahar yoki stadion ijarasi, xizmat koʻrsatish orqali qancha daromad olingani haqida rasmiy hisobot e’lon qilinmagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jennifer Lopezning Toshkentdagi konserti qanday oʻtdi haqida fotoreportaj tayyorlagan edi.