
Chery’ning Jetour brendi yangi Jetour Shanhai L7 Plus krossoverini taqdim etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Oldindan buyurtmalar 18-avgustdan boshlanadi, rasmiy taqdimot esa avgust oxirida Chengdu avtosalonida bo‘lib o‘tadi. Model 5 va 7 o‘rinli talqinlarda taqdim etiladi. Narxi 200 ming yuandan ($28 ming) past bo‘lishi kutilmoqda.

Shanhai L7 Plus yangi dizayn uslubida yaratilgan. Old qismida uzluksiz LED chiroq chizig‘i va Jetour logotipidagi «J» harfiga mos shakldagi faralar joylashgan. Pastki qismida trapezoid shaklli havo panjari va yon havo kanallari mavjud.

O‘lchamlari: uzunligi 4810 mm, eni 1930 mm, balandligi 1705 mm, g‘ildirak bazasi 2820 mm. 19 yoki 20 dyuymli disk variantlari taklif etiladi. Orqa qismida to‘liq kenglikdagi chiroq chizig‘i bor bo‘lib, u Jetour logotipidagi «T» harfiga ishora qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery Fulwin X3 va X3L avtomobillari taqdim etilishi haqida yozgan edi.