Kechga nima ovqat: yaponcha Teriyaki qanday tayyorlanadi

8-avgust 2025 16:06 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: The cooking

Yapon oshxonasining eng mashhur taomlaridan biri bo‘lgan Teriyaki tovuqli taomi iste’mol uchun qulay hisoblanadi. Uning asosiy jozibasi – o‘ziga xos shirin va sho‘r lazzat uyg‘unligida, ishtahani ochuvchi ko‘rinishida va albatta to‘yimli tarkibida. Taom bayram dasturxonlari uchun ham, kundalik ovqat uchun ham ideal tanlov bo‘la oladi.

Kursiv Uzbekistan kechki ovqatga 4 kishilik mazali Teriyaki tovuqli taomining retsepti bilan tanishtiradi.

Kerakli masalliqlar

Mahsulot nomiMiqdori
Tovuq go‘shti (lahm)400 gramm
Zaytun yog‘i1 osh qoshiq
Sarimsoq piyoz2 tish
Zanjabil (maydalangan)1 osh qoshiq
Guruch150 gramm
Iliq suv560 millilitr
Soya qaylasi125 millilitr
Guruch sirkasi1 osh qoshiq
Asal60 millilitr
Makkajo‘xori kraxmali1 osh qoshiq
Brokkoli karami70 gramm
Qizil sabzi70 gramm
Qizil bulg‘or qalampiri0,5 dona
Tuz va qora murchTa’bga qarab
Ko‘k piyozYarim bog‘

Pishirish jarayoni

Masalliqlarni tayyorlab oling

Tovuq go‘shtini uzunchoq, sabzavotlarni esa o‘rtacha kattalikda to‘g‘rab chiqing. Brokkoli ham yirikroq bo‘laklarga ajratiladi.

Qovurish bosqichi

Zaytun yog‘ini tovaga solib qizdiring va tovuq go‘shtini soling. 8 daqiqa davomida doimiy aralashtirib qovuring. Tuz va qora murch seping.

Sarimsoq va zanjabil qo‘shiladi

Maydalangan sarimsoq va zanjabilni tovuq ustiga soling, biroz aralashtirib yana qovuring. Bu taomga o‘tkir, ammo yoqimli hid va ta’m bag‘ishlaydi.

Guruchni pishirish

Idishga suv quyib, yuvilgan guruchni soling va qaynash darajasiga yetkazing. Qopqog‘ini yopib, o‘rtacha olovda 15–20 daqiqa davomida pishiring.

Teriyaki sousini tayyorlash

Tovuqqa soya qaylasi, guruch sirkasi va asal soling. Yaxshilab aralashtiring. Kraxmalni 60 ml suvga aralashtirib, taomga qo‘shing. Sous quyuqlashguncha, 3–4 daqiqa davomida pishiring.

Sabzavotlarni qo‘shish va yakuniy dimlash

Brokkoli, sabzi va bulg‘or qalampirini qo‘shing. 5 – 7 daqiqa davomida dimlab pishiring – sabzavotlar o‘z shakli va qarsildoq tuzilishini yo‘qotmasligi kerak.

Dasturxonga tortish

Tayyor Teriyaki tovuqli taom ustiga maydalangan ko‘k piyoz va xohlasangiz, kunjut seping. Issiq holatda guruch bilan birga tortiladi.

Yapon ta’mini his eting va oila davrasida baham ko‘ring. Yoqimli ishtaha!

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kechki ovqat uchun go‘shtli teftel, Maqluba va Go‘sht Say’ning qanday tayyorlanishini keltirib o‘tgandi.

Shuningdek