Mirziyoyev va Putin muloqoti, Jennifer Lopez konsertidan lavhalar, abituriyentlar uchun yangilik — 8-avgustning muhim yangiliklari

Toshkentdagi Jennifer Lopez konsertidan lavhalar, Alisher Qodirov tandiqi, SSVning soxta tabiblardan ogohlantirishi, Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putinning telefondagi muloqoti — Kursiv Uzbekistan 8-avgustda yuz bergan muhim voqealarni bitta materialga jamladi.
Jennifer Lopezning Toshkentdagi konserti qanday o‘tdi – fotoreportaj

7-avgust kuni Toshkentdagi «Bunyodkor» stadionida jahon estradasi yulduzi Jennifer Lopezning konsert dasturi bo‘lib o‘tdi. Kursiv Uzbekistan muxbiri tadbirdan fotoreportaj tayyorladi.
OpenAI GPT-5’ni taqdim etdi

OpenAI 2025-yil 7-avgust kuni ChatGPT’ning yangi versiyasi – GPT-5ni ishga tushirdi. Yangi model tezroq ishlaydi, aniqroq javob beradi va insonga o‘xshashroq muloqot qiladi. U sog‘liq bo‘yicha savollar, matn yozish hamda dasturlash vazifalarida yanada kuchli bo‘ldi.
8-avgust kuni xorijiy valyutalarni qaysi banklarda qulay narxda almashtirish mumkin

Banklar 8-avgust kungi xorijiy valyutalarni sotib olish va sotish kurslarini yangiladi. Kursiv Uzbekistan eng qulay narxdagi xorijiy valyuta kurslari haqidagi ma’lumotlarni taqdim qiladi.
Sotib olish
Valyuta | Eng yuqori kurs (sotib olish) | Bank nomi |
---|---|---|
USD | 12 630 so‘m | «Hayotbank» |
EUR | 14 550 so‘m | «Trastbank» |
RUB | 158 so‘m | «Madadinvest», «Hayotbank» |
Sotish
Valyuta | Eng yuqori kurs (sotib olish) | Bank nomi |
---|---|---|
USD | 12 590 so‘m | «Infinbank» |
EUR | 14 500 so‘m | «NBU» |
RUB | 151 so‘m | «Infinbank» |
Qanday kiyim kiyish Lopesning tanlovi – Alisher Qodirov

Qodirov fikricha, mamlakatda barcha millat va dunyoqarash vakillarining qonun doirasida emin-erkin farovonlikka intilishi uchun sharoit yaratilgan va hech kim kamsitilmasligi kafolatlangan.
«Agar biron vatandosh pivo ichmoqchi bo‘lsa, ichadi, bu uning tanlovi, ichmaydigan vatandosh ichmaydi va buning sababini har ikki toifa hech kimga izoh berishga majbur emas», – dedi u.
«Bashakshehir»dan Norvegiyada ajoyib kambek, Shomurodov ikkinchi bo‘limda maydonga tushdi

UEFA Konferensiyalar ligasi saralash bosqichi doirasida «Istanbul Bashakshehir» safarda Norvegiyaning «Viking» jamoasiga qarshi maydonga tushdi va 1:3 hisobida irodali g‘alabaga erishdi.
TBC Uzbekistan yarim yilda 254 mlrd sof foyda oldi

TBC Uzbekistan 2025-yilning ikkinchi choragi va birinchi yarim yilligi uchun moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha moliyaviy natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, kredit va depozit portfellarining sezilarli o‘sishi natijasida umumiy operatsion daromad o‘tgan yilga nisbatan 100 foizga oshib, 1,5 trln so‘mga yetdi. Sof foyda esa 30 foizga ko‘tarilib, 254 mlrd so‘mni tashkil etdi.
O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari 48,7 mlrd dollarga baholandi

Markaziy bank avgust oyi boshida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari $48,7 mlrdga yetganini ma’lum qildi. Hisobot regulyatorning veb-saytida e’lon qilingan.
Oy davomida mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 0,4 foizga oshdi. Ushbu hajmning $8,4 milliarddan ortig‘i naqd valyuta va depozitlarga, $38,6 milliard esa qimmatbaho metallarga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, troya unsiyalari hajmi avvalgi darajada qoldi – 11,7 mln.
Ijtimoiy tarmoqlardagi soxta tabiblarga ishonmang – SSV

Sogʻliqni saqlash vazirligi fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat yuritayotgan soxta tabiblarga aldanmaslikka chaqirdi.
Vazirlik xabarida aytilishicha, tegishli huquqqa ega boʻlmagan shaxslar tomonidan ruxsat etilmagan usullar bilan tashxis qoʻyish va davolash holatlari koʻpaymoqda.
Mirziyoyev va Putin O‘zbekiston – Rossiya strategik sherikligini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi

8-avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbatda ikki tomonlama hamkorlik va xalqaro ahamiyatga ega dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.
Dollar 80 so‘mga oshdi

Bugun, 8-avgust kuni dollar kursi 79,04 so‘mga oshib, 12 672,81 so‘mni qayd etdi. Bu haqda Valyuta birjasi xabar bermoqda.
Abituriyent tanlangan beshta OTMga kira olmasa ham talaba bo‘lishi mumkin

Endilikda abituriyentlar o‘zi tanlagan beshta OTMga kira olmasa, to‘plagan balli yetadigan universitetga qabul qilinadi. Bu haqda prezident yig‘ilishda ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, endi abituriyentlar 5 ta oliygohdan birortasiga kirolmagan bo‘lsa, lekin to‘plagan balli boshqa oliygohdagi to‘lmagan yo‘nalishga to‘g‘ri kelsa, shu oliygoh rektori ularni kontrakt asosida qabul qilishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 7-avgustdagi muhim yangiliklar dayjesti haqida yozgandi.