
Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Fox News’ga bergan intervyusida mamlakat butun G‘azoni harbiy nazorat ostiga olish niyatida ekanini aytdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil hududni boshqarishni emas, xavfsizlik perimetri o‘rnatib, keyin uni arab kuchlariga topshirishni rejalamoqda.
Isroil xavfsizlik kengashi G‘azo shahrini egallash taklifini ma’qulladi, biroq harbiy bosh qo‘mondon Eyol Zamir operatsiyani kengaytirishga qarshi chiqdi. Hamas bu bayonotni muzokaralarga to‘sqinlik sifatida baholadi, Iordaniya esa xavfsizlikni faqat Falastin muassasalari ta’minlashi kerakligini bildirdi.
So‘rovlar aksariyat isroilliklar urushni asirlar ozod qilinadigan kelishuv bilan yakunlash tarafdori ekanini ko‘rsatmoqda. BMT G‘azoda amaliyotlarni kengaytirish rejalarini «jiddiy xavotirli» deb atadi. Hozir Isroil armiyasi hududning 75 foizini nazorat qilmoqda, qariyb 2 million aholi esa ocharchilik yoqasida qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xususiy tashkilotlarga G‘azoga gumanitar yordam yetkazishga ruxsat berildi.