Oliygohlar to‘plagan ballariga qarab moliyalashtiriladi

eʼlon qilindi
OTM
Rektorlar «Super» kontrakt narxlarini belgilaydi
Foto: UrDu

Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim muassasalarini (OTM) moliyalashtirish bo‘yicha yangi mezon joriy qilinishini ma’lum qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar qilmoqda.

«Endilikda, «Yangi O‘zbekiston» universitetining baholash tizimi oliygohlarda ham yo‘lga qo‘yiladi», dedi davlat rahbari.

Yangi baholash mezonlari qanday ishlaydi

Baholash tizimi quyidagi 4 asosiy ko‘rsatkichdan tashkil topadi va jami 100 ball bilan baholanadi:

  • bitiruvchilarning bandligi – 40 ball;
  • ilmiy tadqiqotlar, tarmoq buyurtmasi va mahsulot savdosi – 30 ball;
  • ilmiy salohiyat va xalqaro maqolalar soni – 20 ball;
  • mahalliy va xorijiy grantlar jalb etilishi – 10 ball.

Prezident ilmiy va ijtimoiy yo‘nalishdagi oliygohlarni texnik va amaliy yo‘nalishdagi universitetlar bilan bir xil mezonda baholab bo‘lmasligini alohida ta’kidladi. Shu sababli har bir turdagi OTM uchun alohida reyting mezonlari ishlab chiqilishi bo‘yicha tegishli topshiriq berildi.

Rektorlar vakolatlari kengayadi

Endilikda barcha oliy ta’lim muassasalari tashkiliy va akademik jihatdan mustaqil bo‘ladi. Ya’ni rektorlar o‘z yordamchilarini o‘zi tayinlaydi, bu lavozimlarga tayinlov uchun endi vazirlik bilan kelishish talab etilmaydi. Nomzodlar OTM kengashida o‘z yillik dasturini himoya qilishi shart bo‘ladi.

Rektorlar o‘zlari tasarrufidagi moliyaviy va shtat resurslarini mustaqil ravishda taqsimlaydi.
«Super» kontrakt narxlarini tabaqalashtirib belgilash vakolati ham rektorlarga topshiriladi.

Rektorlar maktabi va xalqaro malaka oshirish

«Yangi O‘zbekiston» universiteti negizida tashkil etilgan rektorlаr maktabi orqali rektorlik va prorektorlik lavozimlariga nomzodlar maxsus tayyorlov kurslari orqali saralanadi.

Ushbu kursda eng yaxshi natija ko‘rsatganlar Gʻarbdagi yetakchi universitetlar, xususan, Garvard universitetiga malaka oshirish uchun yuboriladi.

Bandlik masalasi

Shuningdek, endilikda oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilar bandligini baholashda o‘zini o‘zi band qilganlik hisobga olinmaydi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan endi oliygohlarda ayrim talabalar buyurtma asosida o‘qitilishi haqida yozgandi.

Shuningdek