Yangiliklar

Tramp Armaniston va Ozarbayjon Oq uyda tinchlik shartnomasini imzolashini aytdi

Sammit doirasida ikki davlat o‘rtasida rasmiy tinchlik bitimi imzolanishi rejalashtirilgan
Ozarbayjon, Armaniston va AQSh
Oq uyda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tarixiy tinchlik sammiti bo‘lib o‘tadi / Foto: Freepik

AQSh prezidenti Donald Tramp 8-avgust kuni Oq uyda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni qabul qiladi. Bu haqda uning o‘zi Truth Social tarmog‘ida ma’lum qildi.

Sammit doirasida ikki davlat o‘rtasida rasmiy tinchlik bitimi imzolanishi rejalashtirilgan. Trampning ta’kidlashicha, bu urush yillar davomida minglab insonlar hayotiga zomin bo‘lgan va ko‘plab xalqaro urinishlarga qaramay yakunlanmagan edi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, AQSh ma’muriyati uzoq vaqt davomida har ikki tomon bilan muzokaralar olib borgan.

Tinchlik bitimi bilan bir qatorda AQSh har ikki davlat bilan ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha kelishuv ham imzolaydi. Tramp bu jarayon Janubiy Kavkaz mintaqasining salohiyatini to‘liq ochishga xizmat qilishini aytdi.

«Aliyev va Pashinyanning o‘z xalqlari uchun to‘g‘ri yo‘l tanlaganidan faxrlanaman. Bu Armaniston, Ozarbayjon, AQSh va butun dunyo uchun tarixiy kun bo‘ladi», – dedi Tramp.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Apple Tramp tahdidi ortidan AQShga $100 mlrd sarmoya kiritishi haqida yozgan edi.