Qozog‘istonda 42 ta qishloq maktabi Starlink tizimiga ulanadi

Pavlodar viloyatida 33 ta maktab Starlink tizimi orqali internetga ulandi. Yangi o‘quv yili boshida yana 42 ta maktabga sun’iy yo‘ldosh interneti ulanadi, deya xabar berdi Kazinform.
Viloyatdagi 352 ta qishloqning 97 foizdan ortig‘i mobil aloqa va internet bilan qamrab olingan. Biroq 10 ta qishloqda aloqa umuman yo‘q, 7 tasida esa internet mavjud emas.
Rasmiylarga ko‘ra, ushbu hududlar texnik jihatdan murakkab va qo‘shimcha yechimlar talab etadi. Shu bilan birga, «Qulay internet» loyihasi doirasida 2027-yilgacha mazkur viloyatdagi 207 ta qishloqqa optik tolali aloqani yetkazish rejalashtirilgan. O‘ta olis hududlar uchun esa Starlink, OneWeb va KazSat texnologiyalari joriy etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar Airways samolyotlarida Starlink interneti ishga tushirilgan edi.