Yangiliklar

Endilikda elektr ta’minoti korxonalari xodimlari ham bodikameradan foydalanadi

Ularning iste’molchilar bilan muloqoti va joylardagi faoliyat jarayonlarini yozib olinadi
body-camera
Samarqand elektr ta’minoti inspektorlari bodikameralar bilan ta’minlandi. Foto: Energetika vazirligi

Samarqand shahri va Samarqand tumani inspektorlari 54 ta bodikamera bilan ta’minlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Endi ularning iste’molchilar bilan muloqoti, o‘rganish ishlari va joylardagi faoliyat jarayonlarini yozib olinadi. Bu orqali elektr ta’minoti tizimida shaffoflikni ta’minlash hamda korrupsion holatlarning oldini olish maqsad qilingan.

E-dalolatnoma
Foto: Energetika vazirligi

Bundan tashqari, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «Energosavdo» Samarqand filialida «E-dalolatnoma» rasmiylashtirish tizimi ishga tushirildi. Tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalariga 158 dona planshet ajratildi. Endi inspektorlar dalolatnomalarni planshet orqali tuzib, tizimga kiritadi. Bu esa hujjatlarning hisobini yuritish va ijrosini ta’minlash imkonini beradi.

Bundan avval senator Toshkentdagi elektr uzilishlari bo‘yicha energetika vaziriga so‘rov yuborgani haqida yozgandik.