
Rossiyaning Yelabuga shahridagi Sollers zavodida Xitoyning JAC Refine RF8 modeliga asoslangan SP7 nomli yangi miniven ishlab chiqarilishi boshlandi. Mahsulot toʻliq ishlab chiqarish sikli asosida tayyorlanmoqda.
Mahalliylashtirish bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Bu jarayonga avtomobilning elektron tizimlari, kuch agregatlari va boshqa komponentlar ham kiritiladi.

SP7 ikki xil versiyada taklif etiladi:
- Oilaviy versiya – yetti oʻrinli;
- Biznes versiya – toʻrt oʻrindiq;
Avtomobil saloni shamollatish, oʻrindiqlarni isitish, massaj funksiyasi va ilgʻor elektronika bilan jihozlangan. Kapot ostida 237 ot kuchiga ega, 2,0 litrli turbomotor joylashgan. U 8 pogʻonali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan, yuritma esa oldingi gʻildiraklarga uzatiladi.
Narxlar va toʻliq komplektatsiyalar kuzda eʼlon qilinadi. Biroq ishlab chiqaruvchi GAC M8 modelidan arzonroq boʻlgan segmentga qaratilgan. Ma’lumot uchun, GAC M8 Rossiyada taxminan 7,5 mln rubl turadi.

SP7 modelining asosiy xaridorlari sifatida korporativ mijozlar va davlat tashkilotlari, xususan, deputat va amaldorlar koʻrilmoqda. Mahalliy yigʻish tufayli modelning narxi ancha raqobatbardosh boʻlishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Sollers kompaniyasi Rossiyada ishlab chiqariladigan yangi to‘liq o‘lchamdagi avtomobil modelini tanishtirgani haqida yozgan edi.