
TBC Uzbekistan 2025-yilning ikkinchi choragi va birinchi yarim yilligi uchun moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) bo‘yicha moliyaviy natijalarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, kredit va depozit portfellarining sezilarli o‘sishi natijasida umumiy operatsion daromad o‘tgan yilga nisbatan 100 foizga oshib, 1,5 trln so‘mga yetdi. Sof foyda esa 30 foizga ko‘tarilib, 254 mlrd so‘mni tashkil etdi.
TBC Uzbekistan London fond birjasida ro‘yxatga olingan (listing) TBC Bank Group tarkibiga kiradi. Kompaniya joriy yilning dastlabki yarmida TBC Bank Group umumiy daromadining 21 foizini, sof foydaning esa sakkiz foizini ta’minladi.
Kredit va depozit portfeli ikki baravarga oshdi

2025-yil 30-iyun holatiga ko‘ra, kredit portfeli 11,4 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 113 foizga ko‘p.
Depozitlar hajmi ham 93 foizga oshib, 6,2 trln so‘mga yetdi. Bu jismoniy shaxslarning O‘zbekistondagi depozitlari umumiy hajmining 4,1 foizini tashkil etadi.
Shuningdek, TBC Uzbekistan ta’minlanmagan iste’mol kreditlari bozorida yetakchi o‘rinda bo‘lib, ushbu segmentning 16,5 foiz ulushiga ega.
Raqamli ekotizim foydalanuvchilari ko‘paymoqda
Kompaniyaning raqamli xizmatlari faol foydalanuvchilari soni yiliga 19 foizga oshib, 5,7 millionga yetdi.
Bundan tashqari, Payme to‘lov platformasida faol hamkorlar soni 58 foizga oshib, 10 mingga chiqdi. Salom Card debet kartalari 516 ming dona, Osmon Card kredit kartalari esa 69 ming dona chiqarildi. Shu bilan birga kompaniya quyidagi yangi xizmatlarni ishga tushirdi:
- Payme Plus — 2025-yil yanvarida ishga tushirilgan oylik obuna xizmati. Hozirgi faol foydalanuvchilar soni 243 ming;
- KO‘B kreditlari — kichik va o‘rta biznes uchun to‘liq raqamli kredit mahsuloti;
- TBC Sug‘urta — 2025-yil aprelidan boshlab hayotni sug‘urtalash va boshqa shaxsiy sug‘urta xizmatlarini taklif qiladi. Bugungi kungacha 180 mingdan ortiq polis rasmiylashtirilgan.
Mart oyida TBC Digital boshqaruv kompaniyasi tashkil etildi. Iyun oyida esa tajribali xalqaro mutaxassislar ishtirokida Kuzatuv kengashi shakllantirildi.
Shuningdek, iyul oyida TBC Uzbekistan CNBC va Statista tomonidan dunyodagi yetakchi fintex kompaniyalari ro‘yxatiga kiritildi. Bu Markaziy Osiyodan reytingga kirgan birinchi kompaniya bo‘ldi.
Kompaniya bugungi kunda mijozlar bilan ishlash jarayonida sun’iy intellektdan (SI) faol foydalanmoqda. Masalan, kichik kredit qarzdorlariga eslatma qo‘ng‘iroqlarining 90 foizi SI agentlari tomonidan amalga oshirilmoqda. Yil oxirigacha ovozli Telegram bot ham ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Bundan avval TBC’ga Billz’ning ulushini sotib olishga ruxsat berilgani haqida yozgandik.