
Xitoyning Unitree kompaniyasi o‘zining yangi «A2 Stellar Explorer» nomli to‘rt oyoqli robot itini taqdim etdi.
Qurilma tezlik, chaqqonlik va yuk ko‘tarish qobiliyati bilan ajralib turadi. U soatiga 18 kilometrgacha harakatlana oladi va uzluksiz yurishda 25 kilogrammgacha yuk ko‘tara oladi. Qisqa muddatda esa 100 kilogrammgacha bardosh bera oladi.

Ikki dona 9 000 mAh sig‘imli batareya bilan jihozlangan bo‘lib, ular almashtirilishi mumkin. Zaryad to‘liq bo‘lganda yuk bo‘lmaganda besh soat yoki 20 kilometr, yuk bilan esa uch soatgacha ishlaydi. Sinovlarda u 30 kilogramm yuk bilan 12,55 kilometr masofani bosib o‘tdi.
Qurilmaning og‘irligi batareyalar bilan birga 37 kilogrammni tashkil etadi. Old va orqa tomonda LiDAR skanerlari, HD kamera va yoritgichlar joylashgan bo‘lib, sun’iy intellekt asosida to‘siqlarni avtomatik chetlab o‘tish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, Wi-Fi 6, Bluetooth 5.2, 4G va GPS qo‘llab-quvvatlanadi hamda USB-C, Gigabit Ethernet va boshqa ulanish portlariga ega. Unitree A2 sanoat obyektlarini tekshirish, yuk tashish, tadqiqot ishlari va qutqaruv operatsiyalarida foydalanish uchun mo‘ljallangan.
Qurilmaning narxi hali ochiqlanmagan.
Bundan avval aynan ushbu kompaniya o‘zining eng arzon gumanoid robotini sotuvga chiqargani haqida yozgandik.