
Xitoyda yangi Geely Galaxy A7 gibrid avtomobilining savdosi boshlandi. Bu haqda ITHome texnologiyalar nashri xabar bermoqda.
Modelning boshlang‘ich narxi 81,8 ming yuanni ($11,3 ming) tashkil qiladi. Bu pulga O‘zbekistonda Chevrolet Cobalt avtomobilini sotib olish mumkin. ($11,6 ming) Galaxy A7 avtomobilining mahalliy bozordagi narxi bojxona to‘lovlari va qo‘shimcha xizmatlar evaziga qimmatroq bo‘lishi mumkin.

Avtomobil GEA platformasida yaratilgan va Thor AI Hybrid 2.0 gibrid tizimi bilan jihozlangan. Multimediasi Flyme Auto tizimida ishlaydi. O‘lchamlari – uzunligi 4918 mm, eni 1905 mm, balandligi 1495 mm. G‘ildirak bazasi 2845 mmni tashkil qiladi. Disk diametrlari 17 yoki 18 dyuym.
Salonida panoramali tom (0,87 m²), ko‘p funksiyali rul, 14,6 yoki 15,4 dyuymli multimedia ekrani mavjud. Old o‘rindiqlar isitish, ventilyatsiya va massaj funksiyalariga ega.

Gibrid tizim 1,5 litrli, 111 ot kuchiga ega benzin dvigateli va orqa o‘qda joylashgan 238 ot kuchiga ega elektromotordan iborat. Yonilg‘i bakida avtomobil 2100 km dan ortiq yo‘l bosadi (CLTC usuli bo‘yicha). O‘rtacha yonilg‘i sarfi 2,67 l/100 kmni tashkil etadi.
Narxlar:
Komplektatsiya turi | Narxi (yuan) | Narxi (USD) |
---|---|---|
Boshlang‘ich versiya | 81,8 ming | $11,3 ming |
Eng qimmat versiya | 117,8 ming | $16,4 ming |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely iyul oyida 130 mingdan ortiq elektromobil sotgani haqida yozgan edi.