
Huawei va Seres’ning premium elektromobil brendi Aito yangi Aito M7 modelini Xitoyning Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Model o‘lchamlari kattalashib, u EREV va to‘liq elektr versiyalarda taqdim etiladi. Mashina Huawei ADS 4 aqlli boshqaruv tizimiga ega.

Yangi Aito M7 uzunligi 5 080 mm, eni 1 999 mm, balandligi 1 780 mm. G‘ildirak bazasi 3 030 mmni tashkil etadi. Bu avvalgi M7’dan uzun va keng. Mashina 5 o‘rinli va 6 o‘rinli variantlarda chiqariladi.
Tashqi ko‘rinishi M8 dizayniga o‘xshaydi. Old qismi yopiq panjara va ingichka LED chiroqlar bilan birlashtirilgan. EREV versiyasi xrom elementlarga ega. Yon qismi yashirin tutqichlar va ko‘p spitsa g‘ildiraklar bilan jihozlangan. Orqa qismida keng LED chiroqlar va «AITO» yozuvi joylashgan.

M7 20 va 21 dyuymli g‘ildiraklar bilan taklif etiladi. 20 dyuymda old shinalar 255/50 R20, orqa 275/50 R20. 21 dyuymda old 265/45 R21, orqa 285/45 R21 bo‘ladi.
EREV modeli 1,5 litrli 118 kVt (158 ot kuchi) quvvatli benzin generatoriga ega. 2WD versiyasi 227 kVt (304 ot kuchi) quvvat beradi. 4WD versiyasi old 165 kVt va orqa 227 kVt motorlari bilan 392 kVt (526 ot kuchi) umumiy quvvatga ega. Ikkala versiya ham 200 km/soat tezlikka chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Hyundai Palisade avtomobili qanday xususiyatlarga egaligi haqida yozgan edi.